Bugun 29 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

27 yillik savol: Karimovsiz ham O‘zbekiston mustaqil bo‘larmidi?

A A A
27 yillik savol: Karimovsiz ham O‘zbekiston mustaqil bo‘larmidi?

Bundan roppa-rosa 27 yil avval, 1991 yil 31 avgustda Respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Prezident Islom Karimov “Men 1 sentyabrni jumhuriyatimizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, deya O‘zbekistonni mustaqil davlat deb e’lon qildi.
 
Ushbu voqea televideniye orqali jonli efirda ko‘rsatildi. Deputatlar mamlakat rahbarining bayonotini naqadar sarosima holatida qabul qilganliklari o‘sha hodisa shohidi bo‘lganlarning hali ham esida. Yuz yildan ortiq muddat davomida ulkan imperiyaning chekka bir muzofoti bo‘lib kelgan mamlakatning rahbari tomonidan qilingan bu qadar dadil bayonotga odamlar qanday munosabatda bo‘lishni bilmas edi.
 
O‘sha lahzalarda ushbu tarixiy hodisa ahamiyatini juda kam odam anglagani bor gap. Zal sukunatga cho‘mgan. Prezident Islom Karimov yig‘ilish ishtirokchilarini “Qani qarsaklaringiz?!” deb savolga tutganidan keyingina ular biroz hushyor tortib, qo‘rqa-pisa qarsak chalgan edi.
 
Bu, respublika rahbarining shubhasiz favqulodda dadil bayonoti edi. Negaki, bunday mardonavor qadam ortidan Islom Karimov nafaqat lavozimidan mahrum bo‘lishi, ayni chog‘da, uning shaxsiy daxlsizligi ham xatar ostida qolishi mumkin edi. Axir, bu davrda O‘zbekiston – Sovet Sosialistik Respublikalari Ittifoqi tarkibida bo‘lib, mamlakat hududida sovet armiyasining Turkiston harbiy okrugi qo‘shinlari joylashtirilgan edi.
 
Islom Karimov O‘zbekiston davlat mustaqilligini e’lon qilar ekan, zimmasiga qanchalik zalvorli mas’uliyatni – 20 milliondan ziyod xalqining taqdiri uchun javobgarlikni olayotganini to‘liq anglar edi.
 
SSSR davlatining parchalanishi arafasi barcha respublikalarda ichki siyosiy beqarorlik va iqtisodiy turg‘unlik avj olgani bilan yodda qolgan.
 
Sobiq Ittifoq hududi dunyoga jug‘rofiy nomi bilan tanilgan millatlararo qonli ziddiyatlar domiga tortilgan edi: Sumqayit, Qorabog‘, Pridnestrovye, Janubiy Osetiya, Farg‘ona kabi hodisalarda ko‘plab odamlar qurbon bo‘ldi, yirik qochqinlar oqimi yuzaga keldi.
 
Islom Karimov o‘zi o‘sha kunlarni keyinroq bunday tavsiflagan edi: “Hali sovet kommunistik tizimi hukmronlik qilgan 1989 yilni yodga olaylik. May oyi oxiri – iyun oyi boshlarida “Farg‘ona fojiasi” deb atalgan mudhish hodisa ro‘y berdi. Butun sobiq Ittifoqni larzaga solgan ushbu hodisa nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyoni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishi mumkin edi”.
 
Respublikada o‘ta tahlikali vaziyat yuzaga kelgan bo‘lib, nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki Toshkent, Sirdaryo va boshqa viloyatlarning ayrim hududlari “ho‘lu quruq baravar yonadigan” xatarli holatda edi. Milliy va diniy asosda keskin janjallar avj olgan bo‘lib, ular ko‘pincha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan ommaviy to‘qnashuvlarga aylanib ketar edi.
 
1990 yili qo‘shni Qirg‘iziston hududida, O‘sh viloyatida ko‘plab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan millatlararo qonli fojia – o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Vaziyat o‘ta qaltis ekaniga qaramay, Sovet Ittifoqining markaziy hukumati ushbu muammoni hal qilishdan o‘zini chetga oldi. Birinchi Prezidentimizning jonbozligi va qat’iy harakatlari bois vaziyatni o‘zgartirib, ziddiyatga aralashib qolgan insonlarni murosaga keltirish yo‘li topildi. Shu tariqa endigina kurtak otayotgan mudhish millatlararo urushning oldi olindi.
 
O‘sha yili Prezident Islom Karimov tomonidan Bo‘ka va Parkentdagi etnik ziddiyatlar ham bartaraf etildi.
 
Davlat rahbari o‘sha murakkab pallalarda faqat mardonavor xatti-harakatlargina mamlakatni omonsiz inqirozdan qutqarib qolishi mumkinligini yaxshi anglar edi. Shu bois Prezident Islom Karimov 1991 yil 31 avgustda mamlakatning kelgusi taqdirini hal qilgan tarixiy qarorni e’lon qildi. O‘sha kunning o‘zida “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida” qaror hamda “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida” qonun qabul qilindi.
 
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti uchun bu tarixiy voqea Mustaqillikka erishish uchun uzoq va mashaqqatli kechgan yo‘lning xayrli yakuni edi. Qolaversa, bu hodisa mamlakat tarixida yangi sahifa ochilganini ham anglatardi. Oldinda esa Oliy Kengashning bir guruh deputatlari tomonidan Prezident Islom Karimovni hokimiyatdan chetlatishga urinish, 1991 yilgi Namangan voqealari (keyinroq “Al-Qoida” terrorchilik guruhiga qo‘shilgan Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy o‘shanda hokimiyatni egallashga uringan edi), qo‘shni Tojikistonda besh yil davom etgan fuqarolar urushi, Afg‘onistonda vaziyatni butkul izdan chiqishi, Toshkentda 1999 yil fevral, 2004 yil mart va iyulda sodir etilgan terrorchilik hurujlari, Buxorodagi portlashlar, Sariosiyoda ekstremistik guruhlarining chegaradan o‘tishga urinishi, 2005 yil Andijon voqealari, 2010 yil O‘sh voqealari kabi mushkul imtihonlar kutar edi.
 
Islom Karimovning dovyurakligi va jasorati qatorida favqulodda mehnatsevarligini ta’kidlash joiz. Uning yuksak notiqlik mahorati ham hamisha ibrat va namuna bo‘lib qolishi shubhasiz. Islom Karimov insonlarning yuragiga teran nigoh tashlab, ular qalbiga so‘z bilan yo‘l topa olar edi. U, shuningdek, xalqaro maydonda teng huquqli hamkor hamda o‘z millati taqdiriga mas’ul ota sifatida muloqot olib borgan benazir siyosatdon o‘laroq tarixda qoldi.
 
Birinchi Prezidentimizning “Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz!” degan fikri millionlab yurtdoshlarimiz qalbiga muhrlangani bejiz emas. Zotan, bu umidbaxsh so‘zlar yurt ravnaqiga hissa qo‘shish, ertangi kunga komil ishonch bilan mehnat qilishda O‘zbekiston ahliga ilhom va dalda bergan edi.
 
Ha, Islom Karimov bo‘lmaganida, O‘zbekiston ehtimol tarixiy hodisalar yo‘sini va boshqa bir qator ob’ektiv omillarga ko‘ra mustaqil davlatga aylanar edi. Ammo ushbu savol ochiq qolmoqda: o‘sha lahzada mamlakat rahbarligiga aynan Islom Karimov kabi inson kelmaganida, O‘zbekiston va uning ko‘p millionlik xalqi taqdiri qanday kechar edi? Zero, bu inson o‘sha dolg‘ali yillarda global va mintaqaviy xavfu tahdidlarni mohirona chetlab o‘tib, mamlakatimizni xatarsiz taraqqiyot yo‘liga olib chiqa bildi, shuningdek, O‘zbekistonning kelgusi rivoji uchun mustahkam poydevor qo‘ya oldi.

Manba: qalampir.uz

Kiritildi: 14:24 31.08.2018. O'qildi: 3341 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik