Ming yillik madaniyat, an’ana, ijtimoiy meros va chuqur ildiz otgan tajriba asosida shakllangan boy turk oshxonasi bugungi kunda ham o‘zining betakror an’analarini dunyo bilan baham ko‘rishda davom etmoqda. Turk oshxonasi haftaligi har yili 21-27 may kunlari Turkiya hamda butun dunyo bo‘ylab Birinchi xonim Emine Erdog‘an homiyligida nishonlanadi.
Turkiyaning boy pazandalik merosiga bag‘ishlangan ushbu haftalik bu yil beshinchi bor o‘tkazilib, taomning asl qadrini belgilovchi jihatlarga alohida e’tibor qaratadi. Bu yilgi an’ananing e’tiborli jihati shundaki, u nafaqat biz tatib ko‘radigan ta’mlar, balki dasturxonlardagi umumiy merosning ahamiyatini ham eslatadi.
Bu yilgi mavzu “Bir dasturxon atrofida meros” bo‘lib, u umumiy oshpazlik merosida mujassam bo‘lgan hikoyalar, xotiralar, madaniyat, an’ana va qadriyatlarni yoritadi. Mavzuning asosiy g‘oyasi: “Dasturxon – bu birdamlikning eng qadimiy tili, taom esa insonlarni vaqtlar osha bog‘laydi”. Ushbu yondashuv uchta konseptual qatlam orqali ochib beriladi: muloqot – dasturxon turli davr va madaniyatlar uchrashib, umumiy qadriyatlar shakllanadigan makon sifatida; transformasiya –avloddan avlodga o‘tib kelayotgan oshpazlik xotirasi sifatida; arxiv – oshxona yozilmagan tarixning eng ishonchli manbai bo‘lib, u har kuni dasturxonlarimizda qayta jonlanadi.
Bayram tadbirlari jonli gastronomik merosni targ‘ib etishga qaratilib, Turkiyada va xorijdagi turk elchixonalari hamda vakolatxonalarida o‘tkaziladi. Dasturdan umumiy dasturxon tadbirlari, turk va xalqaro oshpazlar hamkorligi, an’anaviy pishirish usullari bo‘yicha amaliy namoyishlar, shuningdek, tarixiy ta’riflarni jamlagan “Lezzet arxivi” hamda “jonli reseptlar” o‘rin olgan.
Bu yilgi taomlar madaniy boylik va oshpazlik mahoratini yorqin ifodalaydi. Xususan, YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan “keshkek” - hamjihatlik va umumiy mehnat ramzi, “baklava” - an’analar davomiyligi, “manti” - migrasiya va sayohat timsoli, “do‘lma” - umumiy oshpazlik tilidagi xilma-xillik, “halvo” esa birdamlik va xotirani anglatadi.