2 oktyabr kuni Liga 2027 yilgi taqvim loyihasini klublarga taqdim etdi. Ishchi reja bo‘yicha Superliga 26 fevral kuni start oladi, so‘nggi tur esa 11–12 dekabr sanalariga to‘g‘ri keladi. Pley-off uchrashuvlari 16–19 dekabr kunlariga rejalashtirilgan.
Navbatdagi mavsum uchun qishki transfer oynasi 21 dekabrda start oladi va 22 fevralga qadar davom etadi. Yozgi transfer oynasi esa 6 iyul — 21 avgust sanalarini qamrab oladi.
Liga rejasiga ko‘ra, Superliga uchrashuvlari umumiy hisobda 89 kunni band etadi. Shuning 74 kuni juma, shanba, yakshanba kunlariga to‘g‘ri kelib, uchrashuvlarning katta qismi dam olish kunlarida bo‘lishi ta’minlanadi. Faqatgina 15 kun davomidagi uchrashuvlar hafta o‘rtasida o‘tkaziladi.
Taqvim shakllantirishda Liga 2027 yilda O‘zbekiston mezbonlik qiladigan ikki katta musobaqa — OFK U17 Osiyo kubogi hamda FIFA U20 jahon chempionatini inobatga olishga harakat qildi. Mazkur davr davomida futbol stadionlari, translyasiya bilan bog‘liq muammolar vujudga kelishi ehtimoli mavjud. Shundan kelib chiqib, Superliga uchrashuvlari imkon qadar mazkur davr bilan kesishmasligi ta’minlangan.
Ma’lumot uchun, Liga o‘z odatiga ko‘ra taqvim bo‘yicha o‘z ishchi rejasini mavsum startiga yarim yil muddat bor vaqtda tayyor holatga keltiradi. Bunda FIFA va OFK musobaqalari uchun ajratilgan sanalar inobatga olinadi. Shunga qaramay, avvaldan rejalashtirilmagan ayrim holatlar Superliga taqvimi rejasi keskin o‘zgarib ketishiga sabab bo‘ladi. Jumladan, CAFA Nations Cup musobaqasining FIFA kunlaridan chiqib ketishi, milliy terma jamoaning rejadan tashqari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari sabab ichki chempionatda katta tanaffuslar yuzaga kelishini bunga misol tariqasida keltirish mumkin.
Yuqoridagi masala yuzasidan Liga doim Assosiasiya bilan muloqotlar olib boradi. Shundan kelib chiqib, biz Assosiasiyadan o‘zining 2027 yilgi mavsum uchun rejalarini avvaldan taqdim etishini so‘raymiz. Liga milliy jamoalar manfaatlaridan kelib chiqib va albatta FIFA nizomlaridan maksimal darajada chetlashmagan holatda o‘z ishchi rejasiga o‘zgartirish kiritishga tayyor. Biz milliy chempionat uchrashuvlariga ham xuddi shu kabi hurmat ko‘rsatilishidan umidvormiz.