Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

1981 yilda yozilgan kitobda 2019 yilda koronavirusning tarqalishi bashorat qilinganmidi? Aniqlik kiritildi

1981 yilda yozilgan kitobda 2019 yilda koronavirusning tarqalishi bashorat qilinganmidi? Aniqlik kiritildi

"Alimoff"  telegram kanalida koronavirus bilan bog‘liq mish mishga oydinlik kiritishga harakat qilindi.

Menga so‘ngi kunlarda juda ham ko‘plab xatlar kelmoqda, ularda asosan 4 ta rasm. Bu amerikalik yozuvchi Din Kunsning “Zulmat ko‘zlari” asarida keltirilgan so‘zlarga bog‘liq. Keling bugun shuni ko‘rib chiqamiz va haqiqatni yuzaga chiqaramiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan fitna nazariyasiga ko‘ra, amerikalik yozuvchi Din Kuns 1981 yilda yozgan romanida, 2019-2020 yillarda koronavirus tarqalishini bashorat qilgan. Bu xabarlar “Zulmat ko‘zlari” kitobining muqovasi va Kuns o‘z romanida koronavirusni tasvirlaydigan sahifalardan iborat. Bu ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ko‘plab da’volar, kitobning muqovasini va “Wuhan-400” virusi haqidagi sahifani ko‘rsatadi. Kuns kitobining keng tarqalgan sahifasida ta’kidlangan matn: “Ular buni “Wuhan-400“ deb nomlashdi, chunki u Uxan shahri atrofidagi RDNK laboratoriyalarida ishlab chiqilgan va bu ushbu ilmiy markazda yaratilgan texnogen mikroorganizmlar ichida, yashashi mumkin bo‘lgan to‘rt yuzinchi shtamm edi.”

Ayrim da’volarga 2020 yilda “pnevmoniyaga o‘xshash og‘ir kasallik” ning paydo bo‘lishi haqidagi qo‘shimcha sahifa ham kiritilgan.

Bu qisman yolg‘on. Kuns o‘z romanida xayoliy virus haqida yozgan bo‘lsa-da, uning “Wuhan-400” degan nomi COVID-19 ilk marta boshlangan Xitoy shahriga tegishli ekanligi haqiqat bo‘lsa-da, uning kitobidagi kasallik xayolot mahsuli va uning COVID-19 bilan umuman aloqasi yo‘q.

O‘z romanida Kuns “Wuhan-400” ni “Xitoyning o‘n yillikdagi eng muhim va xavfli yangi biologik quroli” deb ta’riflagan. U shuningdek, ushbu virus Uxan shahridan tashqaridagi laboratoriyalar tomonidan ishlab chiqilganligini yozgan.

Yangi koronavirusning aynan laboratoriyada yaratilganligi haqida hech qanday dalillar yo‘q. Virus o‘tgan yilning oxirida, Uxandagi oziq-ovqat bozorida yovvoyi hayvonlarining noqonuniy savdosi paytida paydo bo‘lgan deb taxmin qilinadi. Tibbiyot mutaxassislari, bu virus ko‘rshapalaklarda paydo bo‘lishi va keyin ehtimol boshqa tur orqali odamlarga yuqqan bo‘lishi mumkin deb hisoblashadi.

Kitob va hayotdagi viruslarning farqi

Reyters agentligi Kunsning kitobidagi “Wuhan-400” ning qo‘shimcha ma’lumotlarini ko‘rib chiqdi.

Ushbu asardagi “Wuhan-400” alomatlari va simptomlari real hayotdagi COVID-19 dan juda katta farq qiladi. Romanda, virusning inkubasiya davri “atigi to‘rt soat” deb berilgan bo‘lsa, COVID-19 ning inkubasiya davri 1-14 kun oralig‘ida kuzatiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusning eng ko‘p uchraydigan inkubasiya vaqti taxminan besh kundir.

Kuns shuningdek, o‘z asarida “Wuhan-400” ni “o‘lim darajasi 100%” bo‘lgan kasallik deb ta’riflaydi. “Bir marta yuqtirilgan bo‘lsa, hech kim yigirma to‘rt soatdan ko‘proq yashamaydi. Ko‘pchilik o‘n ikki soatda o‘ladi ”, deb yozadi u. COVID-19 ning o‘lim darajasi esa bundan ancha yiroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Uxandagi o‘lim holatlari 2% dan 4% gacha va Uxandan tashqarida 0,7% bo‘lgan.

Kuns tomonidan tavsiflangan alomatlar ham, COVID-19 dan farq qiladi. Romandagi “Wuhan-400” “miya to‘qimasini tom ma’noda yeydigan toksin sekresiyasini keltirib chaqiradi va tananing o‘z funksiyalari nazoratini yo‘qotishiga olib keladi. Kasal shunchaki organlarini ishlatishi kerak bo‘lgan pulsni yo‘qotadi va unda nafas olish xohshi yo‘qoladi”, deb yozadi Kuns. COVID-19 infeksiyasida esa turli xil alomatlar mavjud, ular orasida isitma, yo‘tal, nafas qisilishi va nafas olish qiyinlashishi. Yengil holatlar shamollashga o‘xshash alomatlarga olib kelishi mumkin, og‘ir holatlarda esa pnevmoniya, o‘tkir respirator kasalliklar, buyrak yetishmovchiligi va o‘limga olib kelishi mumkin.

Romanda “Wuhan-400” Ebola virusiga qaraganda “nihoyatda yomon” deb tasvirlangan, ammo COVID-19 Ebolaga qaraganda kamroq xavflidir. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola virusidan o‘lim darajasi o‘rtacha 50% ni tashkil etadi, shu bilan birga, o‘tgan davrda o‘lim holatlari 25% dan 90% gacha o‘zgargan. Yangi koronavirusning o‘lim darajasini esa yuqorida keltirib o‘tdik.

Xaqiqat qayerda?

Yana shuni ta’kidlash kerakki, 1981 yilda chop etilgan “Zulmat ko‘zlari” romanining birinchi nashrida, xayoliy virus Xitoy shahri nomi bilan emas, balki ruslar yashagan joy nomidan kelib chiqib “Gorki” (Gorki-400) deb nomlangan. Romanning ilk asl nusxasida virus “Gorki” shahri atrofida ishlab chiqilgan va u “Sovet Ittifoqining o‘n yillikdagi eng muhim, xavfli yangi biologik quroli bo‘lishi kerak edi" deyiladi. Buni Google Books tomonidan kitobning 1981 yilda nashr qilingan sonidan “Gorki” so‘zini qidirish bilan aniqlash mumkin. Ushbu nashrda “Wuhan-400” so‘zini qidirish hech qanday natija bermaydi.

South China Morning Post xabariga ko‘ra, kitobdagi virusning nomi 1989 yilda, Sovuq Urush tugashi arafasida, kitobning qayta nashr etilishi fonida o‘zgartirilgan. Ushbu maqolada oldingi nashrning “Gorki-400” ga ishora qiluvchi fotosuratlari ham kiritilgan. Ushbu nashrni Kuns o‘zining “Leigh Nichols” taxallusi bilan emas, balki haqiqiy nomi bilan chop etgan.

Ko‘rib turganingizdek, kitob rostdan ham 1981 yilda yozilgan ammo o‘sha ilk sonlarida bu virusning nomi “Gorki-400” deb nomlangan. Chunki o‘sha paytlarda AQShning katta dushmani sifatida SSSR ko‘rilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqab yurgan rasmlardagi nashr esa, 1989 yildan keyin chiqarilayotgan kitoblardir. Unda muallif bir nechta nomlarga o‘zgartirish kiritgan va Sovuq Urush so‘ngida AQSh uchun yangi geosiyosiy raqib sifatida Xitoy tan olina boshlashi fonida qilingan oddiy manyovr bu.

Shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi postlar, kitobdan keltirilgan uchinchi rasmni ham keltirishadi (uni shu kitobning bir qismi, deb noto‘g‘ri taxmin qilishadi). Mana o‘sha sahifa va unda shunday deyilgan: “Taxminan 2020 yilda o‘pka va bronxial naychalarga hujum qiladigan va barcha ma’lum davolanishlarga qarshilik ko‘rsatadigan pnevmoniyaga o‘xshash og‘ir kasallik butun dunyo bo‘ylab tarqaladi”.

Ushbu sahifa “Zulmat ko‘zlari” romaniga tegishli emas! Bu 2008 yilda chiqqan “Dunyoning oxiri: bashoratlar” kitobidan olingan bo‘lib, u o‘zini medium bashoratchi deb da’vo qilgan amerikalik yozuvchi Silviya Braun tomonidan yozilgan. Silviya Braun esa oldin yashagan barcha bashoratchilar kabi minglab bashoratlarni to‘qib tashlagan va ularning juda katta qismi amalga oshmagan. Shunchaki ehtimollar nazariyasiga ko‘ra ham tangani 100 marta tashlasangiz ikkala tarafi ham 50 martadan tushishi mumkin. Shunday ekan, minglab bashoratlar ichida bittasining to‘g‘ri kelib qolishi ham bu mo‘jiza emas. Manchester Yunayted va Arsenal o‘rtasidagi futbol hisobini oldindan topgan odamni hech kim payg‘ambar qilib ko‘tarib yurmaydi. Meni tushundingiz deb umid qilaman.

Xulosa

Bu da’volar yolg‘on va manipulyasiya ustiga qurilgan. Din Kuns 1981 yilda kitobni yozganida virusni "Gorki-400" deb nomlagan, 1989 yilda o‘zining “Zulmat ko‘zlari” romanini qayta nashr etishda esa “Wuhan-400” deb o‘zgartirgan. Bu kasallik alomatlari va oqibatlari COVID-19 ning rasmiy tavsifiga umuman mos kelmaydigan hayoliy virus edi. Masalan fantast yozuvchi Jyul Vern ham o‘z romanlarida juda ko‘p kelajakda paydo bo‘ladigan narsalar haqida yozgan (dirijabl, suv osti kemasi, skayp, vhk) ammo bu uni bashoratchi qilib qo‘ymaydi. Kitobdagi virusning nomi zamonga qarab o‘zgarishi esa, shunchaki bugungi kun realliklariga to‘g‘ri kelib qolgan xolos. Agarda o‘sha virus nomi "Gorki"ligicha qolganida bu gap so‘zlarga umuman hojat qolmas edi.

Kiritildi: 16:41 28.03.2020. O'qildi: 14169 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!