Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

18 yil davomida suratga olingan “Behbudiy” filmining “yopiq” namoyishi bo‘lib o‘tdi

18 yil davomida suratga olingan “Behbudiy” filmining “yopiq” namoyishi bo‘lib o‘tdi

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat ustuvor bo‘lib turganda, jadidchilik harakati,  yangicha ta’lim-tarbiya usullariga ehtiyoj bor edi. Bu harakatning yetakchilaridan biri,  dramaturg, publisist, jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘lgan.  "O‘zbekkino" MA binosida 1 dekabr kuni ma’rifatparvarning ziddiyatli va murakkab hayot yo‘li yoritilgan "Behbudiy" filmining jurnalist va soha kishilari uchun maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi. Film hujjatli-badiiy  janrida suratga olingan bo‘lsa-da, uning badiiylik jihati yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Filmning suratga olish ishlari 18 yil oldin boshlangan va ba’zi sabablarga ko‘ra efir yuzini ko‘rmagan.

Biroq filmning ssenariy muallifidan tortib, grim, rassom, aktyorlar ijrosi, bastakor, operator, sahnalashtiruvchi rejissyorgacha professional guruh ishlagani bilinib turibdi. Film Behbudiyning  qamoqdagi kichkina darchaga qumbo‘ron kirib keladi va bu to‘s-to‘palon jadidning yoshligidagi bo‘ronga ulanib ketadi. Bunda rejissyor ma’rifatparvarning hayot yo‘lining tekis kechmagan alg‘ov-dalg‘ov davrlariga ishora  qiladi. Behbudiyning  "yangi usul" jadid maktablarining ochishi, darslik kitoblar chop etib, o‘quvchilarga tarqatishi, jadidchilik harakatining asoschisi Ismoil G‘aspirali bilan uchrashuvi, "Padarkush" dramasining sahnalashtirilishi Mahmudxo‘ja hayotidagi eng quvonchli damlar bo‘lgan. Bu filmda o‘zgacha rakursda ko‘rsatib ketilgan. Ayniqsa, “Padarkush” dramasini film voqealariga singdirishi keyin esa dramaturg tomonidan bu fojiani drama holatiga keltirilish epizodi muvaffaqiyatli chiqqan.   Bu dramaning ko‘pgina viloyatlarda sahnalashtirilishi va uni tomoshabinlar olqishlar bilan kutib olinish sahnasi qisqa epizodlarda ochib berilgan.  

Behbudiy rolini gavdalantirgan Fahriddin Shamsimatov qiyofasida haqiqiy jadid nigohini  ko‘rish mumkin. Aktyor ko‘z qarashlari va mimikasida, jadidlarga xos og‘ir vazminlik va mulohazakor, joyi kelganda cho‘rtkesar va aybini yuziga ayta oladigan jadid qiyofasini maromiga yetkazib o‘ynay olgan.  Nazarimda, filmdagi Behbudiy va Dukchi eshon suhbati ishonchsizroq chiqqan hamda dialoglari biroz cho‘zilgan. Mahmudxo‘ja Dukchi Eshon (Afzal Rafiqov)ga uning tanlagan yo‘li noto‘g‘ri ekanligi bu yo‘ldan qaytishini uqtirmoqchi bo‘ladi. Nazarimda, dukchi eshon jadidning bu gaplariga keskin fikr bildirishi, uni eshitmasligi kerak edi. Filmda  barcha katta-kichik rollar o‘z egasini topa olgan.

Grim ustasi Galina Ivonovna aktyorlar qiyofasini o‘sha davr muhitiga mos qiyofalarni ko‘rsata olgan bo‘lsa, filmning sahnalashtiruvchi rassomlari Musa Isoyev hamda Hamidulla Habibullayev zamon nafasiga mos kartinalarni joylashtira olgan. Tarixiy filmlarda bu muhitni jonlantirish oson ish emas.   Filmning so‘nggi epizodlari kulminasion nuqtasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Behbudiy o‘limga ham tik qaray olgan, bir kun kelib baxtli va hur Vatan bunyod bo‘lishiga ishongan holda dunyodan o‘tadi. Ha, Behbudiy ta’biri bilan aytganda "haq olinur, berilmas!" Filmda rejissyor tomonidan ramziy detallardan ham unumli foydalanilgan. Jumladan, Yayra Abdullayeva tomonidan ijro etilgan qalandar momo obrazida Ona Vatan qiyofasini ko‘rish mumkin. U xalqi zafarga erishsa quvonadi, mag‘lubiyatga uchrasa (Turkiston muxtoriyati bolsheviklar tomonida bombardimon qilinganda) cheksiz g‘am-qayg‘uga botadi. Yoxud Behbudiyning o‘limi oldida uning orqasida bo‘lgan odamlarning o‘zgarishi (Chor Rossiyasi va bolsheviklar hokimiyatining almashishi) yoki yosh yigit va qizaloqning boshida qamishda olib kelayotgan ziyoni Onaning qo‘lidagi sham yorug‘iga tutashishi ham kelajakka ishonch, hur, ozod va taraqqiy etgan  Vatan orzulari kabi ramziy ma’nolarni o‘qish mumkin.  

Film ba’zi kamchiliklardan ham holi emas, albatta. Xususan, film Behbudiy va u yashagan siyosiy tuzum voqealarning hammasini keng qamrovda kartinaga sig‘dirmoqchi bo‘lishgan. Shuning uchun syujet liniyalari juda ko‘p va ularning ba’zilari juda cho‘zilgan bo‘lsa, ba’zilari oxiriga yetmay qolgan. Montajda ba’zi epizodlarning mantiqiy uzviyligi yo‘qolgan. Balki bu 18 yillik tanaffus sababdir. 

Shunga qaramasdan "Behbudiy" filmi tomoshabin qalbida yorug‘ siymo sifatida muhrlay oladi. Kartina tomoshabinlarni bugunning qadriga yetishga, bu kunlarga oson yetib kelmaganligimizni anglatadigan, keng mushohadaga  chorlaydigan film bo‘lgan. Ishonamanki, bu filmning o‘z tomoshabinlarni, albatta, topiladi.

Film 18 yil oldin suratga  olingani sababli undagi ba’zi ijodkorlar, afsuski,   oramizda yo‘q. Bular sevimli aktyorlarimiz Ravshan Solihov, Yayra Abdullayeva, Alisher Hamroyev, Hoshim Arslonov, Obid Yunusov hamda kartina direktori Nasrulla Sa’dullayevlardir. Ular oramizda bo‘lmasada, filmni ko‘rgan tomoshabinlar ularga qalban yaqin bo‘lishdi. Istaymizki, “Behbudiy” filmining umri boqiy va marhum ijodkorlarning ruhlari shod bo‘ladi.

 Lobar Xayrullayeva

Jurnalist, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati matbuot xizmati xodimi

Kiritildi: 20:15 02.12.2020. O'qildi: 3883 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!