2026 yil 1 apreldan yo‘l qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kamera orqali ham hisoblanadi. Endilikda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar ham haydovchilarning jarima ballari hisobida inobatga olinadi.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari faqat YHX xodimlari tomonidan emas, balki yo‘llarda o‘rnatilgan kameralar orqali qayd etilgan taqdirda ham jarima ballari hisoblanadi. Bu esa haydovchilar mas’uliyatini oshirish va qoidabuzarliklarni kamaytirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, yangi tartibga asosan jarima ballarini taqsimlash mexanizmi ham joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, agar transport vositasini uning mulkdori emas, balki boshqa shaxs ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasi asosida boshqargan bo‘lsa, jarima ballari aynan qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchiga yuklanishi mumkin.
Mazkur o‘zgarishlar yo‘llarda intizomni mustahkamlash, adolatli javobgarlikni ta’minlash va qoidabuzarliklar sonini qisqartirishga xizmat qiladi.