Moskvadan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kreml yaqin orada Turkiya Prezidenti Erdog‘anga murojaat qilib, Ozarbayjon rahbari Aliyevni Rossiyaga qarshi keskin pozisiyalardan qaytarishni so‘ramoqchi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbalarning aytishicha, yaqin kunlarda rossiyalik rasmiylar turk yetakchisi bilan bog‘lanishga urinishadi. Maqsad — so‘nggi vaqtlarda yuzaga kelgan “muammoli nuqtalar”ni bartaraf etishda Erdog‘anni vositachi sifatida jalb qilish.
“Moskva Boku tomonidan hech qanday rusofobiya targ‘ibotini toqat qilmaydi. Aliyev va uning atrofidagilar bu borada bahona izlab yurgandi, hozir esa Yekaterinburgdagi jinoyatchilarni qo‘lga olish holatini “ozarbayjonliklarga nisbatan rejalashtirilgan bosim” sifatida talqin qilishmoqda. Ular Ukrainadagi targ‘ibotchilar uslubi bilan ishlayapti — hammasi tanish va oddiy. Umid qilamizki, Erdog‘anning o‘zi Aliyevni hushyorlikka qaytaradi, aks holda Ozarbayjon uchun oqibatlar nihoyatda og‘ir bo‘ladi”, - dedi rus diplomati.