Britaniya imperiyasi hind yerlarini mustamlakaga aylantirgan dastlabki yillar. Ingliz zobiti saf qilib turg‘izib qo‘yilgan mag‘lublar orasida qaddini tik tutib turgan hind yigitining qarshisiga keldi, ko‘zlariga tikilib qaradi. O‘zi kutgan qo‘rquvni ko‘rmagach, hindning yuziga shapaloq tortib yubordi. Hind yigiti shapaloqdan yiqilmadi, tez qaddini rostlab, javoban ingliz zobitini shunday urdiki, zobit xushidan ketdi. Zobit o‘ziga kelgach, hindni o‘ldirmoqchi bo‘lgandi, ingliz generali uni to‘xtatib qoldi. Aksincha, 50000 rupiya pul berib, buni o‘sha hindning qo‘liga tutqaz, kechirim so‘ra dedi. Zobit istamasa-da, generalning aytganini bajardi.
Oradan 10 yil o‘tdi. Hind 50000 rupiya bilan tijorat qilib, qashshoqdan boyga aylandi. Oila qurdi, serfarzand, serdavlat, obro‘li odam, katta uy va bir necha xizmatkorlar, tijorat va ijtimoiy mavqe egasi bo‘ldi.
Kunlarning birida general zobitni chorladi, haligi hindning oldiga bor, 10 yil oldin qilgan ishingni takrorla, dedi. Zobit taajjublandi. Hindning oldiga bordi, hech narsa demay, to‘g‘ri kelib, hammaning oldida uning yuziga shapaloq tortdi. Hind bu safar hech narsa qilmadi, yerga tikilgancha turaverdi. Zobit yana bir-ikki shapaloq tushirgach, bo‘lgan voqeani yaxshiroq tushunish uchun generalning oldiga qaytdi. Shunda keksa general mustamlakachilar sirini zobitiga izohladi:
- Sen uni urgan payting u qashshoq, dunyodan behojat, nomusidan boshqa yo‘qotadigan narsasi yo‘q, shuning uchun ham o‘ta xatarli bir inson edi. Qavmining jasoratlisi va yetakchisi o‘laroq bizga ko‘p muammolar tug‘dirishi mumkin edi. Endi esa uning boyligi, uyi, oilasi bor. Shuncha narsasini yo‘toqishdan qo‘rqadi. Endi u ham, qavmi ham seniki, xohlaganingni qilaver.
Bu qissada ibratlar ko‘p. Men har safar ushbu qissani aytib berarkanman, o‘zimga va islom ilmlarini olayotgan talaba birodarlarimga hamda millat dardida yurgan zamondoshlarimga nasihat qilaman: ushbu qissadan o‘rnak oling. O‘zingiz tanlagan yo‘lga zuhd bilan, ro‘zador odam ko‘chaga chiqqandek chiqing. Hasan Basriy rohimahullohdan nega u zotga hamma quloq solishini so‘raganlarida bergan javoblarini eslang: “Chunki ular mendagi narsaga (ilmga) muhtoj edilar, men ulardagi narsadan (dunyodan) behojat edim“.
Unutmangki, kim Alloh uchun fiqhni o‘rgansa, Alloh uning ikki dunyosiga O‘zi kifoya qiladi.
Alloh bandalaridan jonlarini va dunyolarini jannat evaziga sotib olgan Zotdir! Qanday ham foydali savdo bu!
Shu o‘rinda eslatib o‘taman, zuhd (zohidlik) bilan tarkidunyo (asceticism, asketizm) o‘rtasidagi farqni ba’zilar anglamaydilar. Kofirlar va ba’zi islomiy toifalar chaqiradigan “tarkidunyo“ qashshoqlik o‘zini xor qilish va bechora ojiz mo‘min bo‘lib yashashga asoslangan bo‘lsa, uning muqobilida islom kishilarni chaqiradigan “zuhd“ boy yoki kambag‘al bo‘lishingizga qaramay, dunyoning pashsha qanotidek qadri yo‘q ekanini anglab, Oxirat uchun yashashingizdir. Binobarin, islom kishilarni kambag‘allikka chorlamaydi. Aksincha, kuchli mo‘min kuchsizdan, beruvchi qo‘l oluvchidan yaxshiroq ekanini ta’kidlaydi. Shuning uchun Imom Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Ash Shayboniydan “Zuhd kitobini qachon yozasiz?“ deb so‘raganlarida, “Savdo kitobini yozib qo‘yibman-ku,“ deb javob bergan ekanlar.
Qissadagi hindning muammosi ham boyligida emas, qadriyatlarini boyligidan ustun qo‘ya olmaganidadir.
Manba: azon.uz