Ko‘cha-ko‘yda gohida «telefoningizni berib turing», deb iltimos qiladiganlar uchrab turadi. Kimdir zarurat yuzasidan bunga jazm qilsa, kimdir...
Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan avtomashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida fuqaro J.R.ning yoniga biri kishi kelib, telefonidan qo‘ng‘iroq qilib olishni so‘raydi. “Samsung” rusumli uyali telefon apparatini qo‘lga olgan yigit o‘ziga kerakli raqamlarni terishga chog‘lanadi. Holi gaplashish bahonasida u asta yurib, telefon egasidan uzoqlasha boshlaydi. Sal yurgach uning qadamlari birdan tezlashib, voqea joyidan qochib ketadi.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Zangiota tumani O‘rtavul qo‘rg‘onida yashovchi SH.Q. sodir etgani aniqlangan.
Farg‘ona shahrining Qo‘qon ko‘chasida joylashgan “Limon” savdo do‘konida esa M.A. ismli ayol yuziga urilgan zarbdan o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Shu orada unga tashlangan ayol uning “RED Mi-5” rusumli mobil telefonini tortib oladi.
Tezkor choralar natijasida ushbu jinoyatni Farg‘ona shahrida yashovchi G.Q. ismli ayol sodir etganligi aniqlangan.
Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanidan bo‘lgan xususiy tadbirkor D.T. esa ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Do‘stobod shahrida joylashgan maishiy texnika do‘konida noma’lum shaxs uning “FLY” rusumli mobil telefonini tortib olganligini ma’lum qilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Qo‘yichirchiq tumanida yashovchi D.Z. sodir etganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.