Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

“Yuqori”dan kelgan nazoratchini “og‘zini moylash” oxiriga yetmadi

“Yuqori”dan kelgan nazoratchini “og‘zini moylash” oxiriga yetmadi

Korrupsiya har qanday davlat yoki jamiyat uchun taraqqiyot kushandasi hisoblanadi. Ushbu illat bilan insoniyat azaldan kurashib keladi va uni qoralaydi. 

Mamlakatimizda ham ushbu xavfli illatga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli huquqiy, amaliy-tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.

Biroq, ayrim sohalarda azaldan “odat” tusiga kirib qolgan, “yuqori”dan kelgan tekshiruvchi yoki nazoratchini “og‘zini moylash” ko‘rinishidagi korrupsiyaga olib keluvchi xavfli omillar saqlanib qolayotganligi korrupsiyaga qarshi kurashish, uning ildizlarini quritishga to‘sqinlik qilib kelmoqda. 

Fikrimizning isboti sifatida, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudida ko‘rib chiqilib, joriy yil 17 fevral kuni ayblov hukmi chiqarilgan jinoyat ishi tafsilotlarini keltirib o‘tamiz.

2019 yil 27 noyabr kuni Farg‘ona viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (keyingi o‘rinlarda DSENM) bosh vrachi o‘z qo‘l ostidagi markazning epidemiologiya bo‘limi mudiri G‘.Yakubovga hududlarga chiqib, tibbiyot muassasalarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash, sanitariya holatini ta’minlash va obodonlashtirish tadbirlarini bajarilishi holatini o‘rganish bo‘yicha buyruq beradi. 

G‘.Yakubov ushbu buyruq asosida 2019 yil 27 noyabr kuni Toshloq tumani Tibbiyot birlashmasining tibbiy chiqindilar uchun ajratilgan maxsus konteyneriga zararsizlantirib tashlash choralari ko‘rilmasdan, maishiy chiqindilar vaqtincha saqlash joyiga aralashtirilib, tibbiy chiqindilar tashlanganligini, bu esa o‘tkir yuqumli kasalliklar ko‘payishi, tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aniqlaydi va bu haqida kompyuter texnikasi yordamida dalolatnoma yozishga kirishadi. Biroq, elektr ta’minotidagi texnik uzilishlar sabab dalolatnomani yakuniga yetkaza olmaydi. Dalolatnomani yakuniga yetkazish ertasiga qoldiriladi. 

Bundan xabar topgan, Toshloq tuman Tibbiyot birlashmasi bosh feldsheri lavozimida ishlab kelayotgan O.Karimov Toshloq tuman DSENM epidemiologiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan F.Abdullayevga G‘.Yakubov yuqoridagi holatlar to‘g‘risida tuzishi kerak bo‘lgan dalolatnomani tuzdirmaslik hamda ma’muriy va intizomiy chora qo‘llatmaslik evaziga unga 400,0 ming so‘m pul berib, uni moddiy manfaatdor qilishni taklif qiladi. O‘z navbatida, F.Abdullayev O.Karimovning ushbu taklifiga rozilik bildiradi. Shu tarzda, F.Abdullayev va O.Karimov G‘.Yakubovning xabarisiz yuqoridagi qonunbuzilish holatini G‘.Yakubovga pora berish orqali yashirish uchun o‘zaro kelishib olishadi. Boisi, agar G‘.Yakubov yuqoridagi qonunbuzilish holatini dalolatnomada aks ettirsa, O.Karimov va Tibbiyot birlashmaning mas’ul shaxslariga ma’muriy tartibda chora ko‘rilishi mumkin edi.

O.Karimov jinoiy maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida, 28.11.2019 yil kuni Toshloq tuman Tibbiyot birlashmasining vrach epidemiologi A.Madalimovdan 200,0 ming so‘m pullarni talab qilib, o‘zining yonidan 200,0 ming so‘m qo‘shib, 400,0 ming so‘m qilib bermagan taqdirda, rasmiylashtirilgan dalolatnomaga ko‘ra, Tibbiyot birlashmasi bosh vrachiga katta miqdorda ma’muriy jarima qo‘llanilishini, buning natijasida A.Madalimovni ishdan bo‘shatib yuborilishi mumkinligi tahdidi bilan qo‘rqitib, talab qilingan 200,0 ming so‘mni undan olib, o‘zining yonidan 200,0 ming so‘m qo‘shib, G‘.Yakubovga pora sifatida berish uchun, jami 400,0 ming so‘m pullarni F.Abdullayevga uning xizmat xonasida beradi.

Biroq, A.Madalimovning o‘z vaqtida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshloq tuman bo‘limi boshlig‘i nomiga 28.11.2019 yil kuni O.Karimov va boshqa shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, qilgan murojaati bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda, O.Karimov va F.Abdullayevning ushbu jinoiy harakatlari aniqlanib, jami 400,0 ming so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida olinadi. Natijada, F.Abdullayev va O.Karimov o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda G‘.Yakubovga 400.0 ming so‘m pullarni pora sifatida berish jinoyatini oxiriga yetkaza olmaydi. Sudning hukmiga ko‘ra, F.Abdullayev va O.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-modda orqali 211-moddasi 1-qismi bilan (pora berishga suiqasd qilganlikda) aybdor deb topilib, ularga nisbatan davlat tibbiyot muassasalarida mansabdorlik va moddiy javobgralik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan 1 yil muddatga mahrum qilindi va bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravariga teng jarima jazosi qo‘llanildi.

Sud tomonidan davlat tibbiyot tizimida ishlovchi F.Abdullayev va O.Karimov tomonidan ushbu jinoyatni sodir etilishiga ushbu tizimda ishlovchi xodimlar o‘rtasida korrupsiya va uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik muhiti shakllantirilmaganligi, huquqiy tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari olib borilmaganligi sabab va omillar sifatida baholanib, Farg‘ona viloyat Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi va Farg‘ona viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga mazkur sabab va omillarni bartaraf etish to‘g‘risida xususiy ajrim chiqarildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, har bir soha xodimi, u vrach bo‘ladimi, o‘qituvchimi, yuristmi, korrupsiya illatiga qarshi o‘zida toqatsizlik, kurashuvchanlik va murosasizlik tuyg‘usini to‘liq shakllantirmas ekan, o‘z faoliyatidagi kamchiliklarni pora berish orqali xaspo‘shlash va yashirish mumkin degan tushunchadan voz kechmas ekan ushbu illatni tag-tomiri bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Chunki, ushbu illat ildizi aynan shunday salbiy tushuncha va fikrlardan kuch oladi.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi raisi                                         A.A.Xabibullayev       

Kiritildi: 11:17 28.02.2020. O'qildi: 3566 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!