Jennifer Eniston yoshligida restoranda ofisiant bo‘lib ishlagani, bu ishning qanchalik og‘irligini tushungani bois restoranda choychaqa qoldirishni kanda qilmaydi, deb xabar beradi Darakchi nashri.
Sandra Ballok ham yoshligida ofisiant bo‘lib ishlagani tufayli saxiylikda Enistondan qolishmaydi.
Sharliz Teron o‘g‘li Jekson bilan Los-Anjelesda aylanib yurganida o‘g‘liga mevali yogurt olib bermoqchi bo‘ldi, biroq hamyoni uyda qolganligini ko‘rib, kayfiyati tushdi. Sharlizni tanib qolgan sotuvchi pulini keyin olish sharti bilan mevali yogurtni unga taqdim etdi. Oradan bir soat o‘tar-o‘tmas uyidan pul olib kelgan Sharliz sotuvchiga 3,75 dollarning o‘rniga 100 dollar pulni sovg‘a qildi.
Jonni Depning qo‘li ochiqligi ham odamni hayratga soladi. U yiliga restoranlarda 4 ming dollar atrofida choychaqa qoldiradi.
Bu borada repper Jey Zi rekord o‘rnatib, o‘ziga xizmat qilgan restoran xizmatchilariga 50 ming dollar choychaqa qoldirdi.
Teleboshlovchi Ellen Dedjeneres iqtisodiy ahvolidan noligan ofisiant qizning gaplarini eshitib qolib, unga 10 ming dollarlik chek va yangi avtomobil sovg‘a qildi.
Yuqoridaga ma’lumotlarni o‘qib, barcha yulduzlar shunday qo‘li ochiq, saxiy insonlar ekan, deb o‘ylamang. Xonanda Britni Spirs yaxshigina pul topishiga qaramay, hech qachon ofisiantlarga choychaqa qoldirmaydi.
Madonna to‘lashi kerak bo‘lgan miqdorning 5 % hisobida choychaqa qoldiradi, xolos.
Xonanda Merayya Keri do‘stlari bilan restoran yopilgandan keyin ham maishat qilsa-da, ish vaqtidan tashqari qilingan xizmat uchun bir sent ham bermaydi.
Xasis yulduzlar xit-paradida mashhur golfchi Tayger Vuds yetakchilik qiladi. Bir kuni u Las-Vegasda bergan choychaqasini qaytarib olishdan uyalmay, ortiga qaytdi. Tayger Vuds ofisantning oldiga kelib, adashib ikki marta haq to‘laganini aytgan va bergan pulini qaytarib olgan.
Manba: zamin.uz