Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim o‘zi ko‘rmagan tushini «Ko‘rdim», deb aytsa, undan ikkita arpa donini bir-biriga ulash talab qilinadi. U buni hech ham qila olmaydi», dedilar». Buxoriy rivoyat qilgan.
Ko‘rmagan tushini «Ko‘rdim», deb aytadigan odam qiyomat kuni xijolatda qolar ekan. O‘sha dahshatli kunda undan qo‘lidan kelmaydigan ishni qilish talab etilar ekan.
«Kim o‘zi ko‘rmagan tushini «Ko‘rdim», deb aytsa, undan ikkita arpa donini bir-biriga ulash talab qilinadi. U buni hech ham qila olmaydi».
Albatta, arpa doni juda ham kichkina va birini biriga ulab bo‘lmaydigan narsa ekanligi hammaga ma’lum. Bu dunyoda yo‘q narsani bir-biriga ulab, tush qilib aytgan odam oxiratda o‘sha ishning o‘xshashini qilishga majbur etilar va uni qila olmay qiynalar ekan. Oxiratda ana shunday noqulay holda qolmaslik uchun bu – dunyoda yo‘q tushni yolg‘ondan to‘qib aytmaslik kerak ekan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun yolg‘ondan ko‘ra yomonroq xulq yo‘q edi. Agar biror kishining sal bo‘lsa ham yolg‘onchi ekanini bilib qolsalar, o‘sha odam tavba qilmagunicha qalblaridan chiqmas edi». Ahmad va Bazzor rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yolg‘onchiga bo‘lgan munosabatlari haqida so‘z ketmoqda. U zot alayhissalomning nazdlarida yolg‘ondan ko‘ra yomonroq xulq yo‘q ekan. U zot alayhissalom arzimagan yolg‘on so‘z aytgan odamdan ham o‘sha odam tavba qilmagunicha rozi bo‘lmay yurar ekanlar. Demak, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning ummatiman, U zotning shafoatlaridan umidvorman, degan mo‘min banda arzimagan narsada ham yolg‘on gapirmasligi, bilib-bilmay yolg‘onchilik qilib qo‘ygan kishi darhol tavbaga shoshilishi kerak.
Jamiyatning har bir a’zosi yolg‘onchilarga nisbatan murosasiz kurash olib borishda o‘z xissasini qo‘shishga harakat qilishi lozim.
Manba: azon.uz