Bugun 16 may, 2025 yil, juma

КИР

Yangi yildan 1-toifali o‘qituvchi maoshi 2,2 million so‘mdan oshadi

A A A
Yangi yildan 1-toifali o‘qituvchi maoshi 2,2 million so‘mdan oshadi

2019 yildan O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ishlayotgan 1-toifali o‘qituvchilar maoshi 2,2 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov OAV vakillari bilan 2018 yil byudjet ijrosi va 2019 yilgi davlat byudjeti parametrlariga bag‘ishlangan uchrashuvda ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda ayrim toifadagi xodimlarning ish haqi miqdorini tabaqalashtirilgan holda oshirish imkoni paydo bo‘lgan. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog va rahbar xodimlari, defektolog va psixologlari ish haqi miqdorini oshirish uchun joriy yilning mart-dekabr oylarida 315,0 mlrd so‘m ajratilgan.

Sultonovning aytishicha, 2018 yil 1 martdan oliy ma’lumotli tayyorlov guruhi (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) tarbiyachilarining ish haqi 30 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan yana 44 foizga oshirildi. Shu tariqa ularning bazaviy tarif stavkalari umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari bazaviy tarif stavkalarining hajmlariga tenglashtirildi. Shu bilan ularning ish haqi 2019 yil 1 yanvar holatiga 1 mln 614 ming so‘mga yetadi.

“Bunga qo‘shimcha ravishda umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining malaka toifasidan kelib chiqqan holda oshirish, malaka toifasini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Unga binoan, I bosqichda 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari bazaviy tarif stavkalari miqdori 10 foizga, yuqori sinf o‘qituvchilari bazaviy tarif stavkalari miqdori 24 foizgacha, direktorlar, ularning o‘rinbosarlari va kutubxonachilar bazaviy tarif stavkalari miqdori 10 foizga oshirildi.

II bosqichda malaka toifasiga qarab o‘qituvchilarga 10 foizdan 25 foizgacha, direktorlar, ularning o‘rinbosarlari va kutubxonachilarga yana 10 foizga oshirildi. Natijada 2019 yil 1 yanvarga kelib, 1-toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi 45 foizga oshadi. Qo‘lga tegadigan oylik ish haqi, direktor jamg‘armasidan o‘rtacha 10 foizgacha ustama hamda daftarlarni tekshirganligi va sinfga rahbarlik qilgani uchun qo‘shimcha haqlar to‘lansa, shuningdek soliq islohoti natijasida uning oladigan maoshi 2,2 mln so‘mni tashkil etadi”, - deya raqamlar bilan izohladi Dilshod Sultonov. 

Vazir o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, malaka toifasiga ega bo‘lmagan mutaxassis o‘qituvchi va oliy toifali o‘qituvchi o‘rtasidagi farq 21 foizdan 38 foizga oshadi. Joriy yilda oliy o‘quv yurtlari professor va o‘qituvchilari ish haqini oshirish to‘g‘risida ikkita qaror qabul qilingan, jumladan:

- 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining lavozim maoshlarini tabaqalashtirilgan holda – o‘rtacha 25 foizga oshirildi. Buning samarasi o‘laroq, stajer-o‘qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o‘rtasidagi tafovut 90-yillar darajasida tiklandi va ikkiga bir nisbatni tashkil qildi. 

- oliy ta’lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari ish haqi miqdorlari 2019 yil 1 yanvardan boshlab - 20 foizga va 2019 yil 1 iyuldan boshlab yana 25 foizga oshiriladi.

Manba: kun.uz

Kiritildi: 18:57 05.11.2018. O'qildi: 2954 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!