Adliya vazirligi «Vatan tayanchi» otryadi a’zolari hamda «Vatanparvarlar» va «Shijoat va g‘ayrat» musobaqalarining respublika bosqichi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berish tartibini belgilovchi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjatga ko‘ra, tavsiyanoma «Vatan tayanchi» harakatida faol ishtirok etib, ta’lim muassasasini a’lo baholar bilan tamomlagan otryadning bir nafar a’zosiga, «Jasorat maktabi»ni a’lo baholar bilan bitirgan har bir otryadning bir nafar a’zosiga beriladi.
Shuningdek, «Vatanparvarlar» harbiy-sport musobaqalari hamda mahalla yoshlari o‘rtasidagi «Shijoat va g‘ayrat» musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan jamoalar a’zolari ham tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.
Tavsiyanoma Mudofaa vazirligi huzuridagi «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tomonidan beriladi.
Tavsiyanomaga ega shaxslarga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, shuningdek, yuridik ta’lim muassasalariga kirishda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijasida to‘plangan ballning 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi.
Tavsiyanoma 3 yil davomida amal qiladi.
Kiritildi: 15:52 27.08.2026.
O'qildi: 663 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.