Bugun 27 iyun, 2025 yil, juma

КИР

O‘zini o‘zi o‘ldirganlarni qanday jazo kutmoqda?

A A A
O‘zini o‘zi o‘ldirganlarni qanday jazo kutmoqda?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Assalomu alaykum, Shayx hazratlari. Hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida o‘zini osib o‘ldirish hollari uchrab turibdi. Buning sabablari surishtirilganda, o‘zini o‘ldirish uchun sabab topib bo‘lmaydi. Ko‘pchilik, bu holat kasallik oqibatida yoki hozirgi vaqtda ko‘payib ketgan sehr-jodu oqibatida kelib chiqadi, deb bilishadi. 

Bunday holatda, ya’ni odam haqiqatdan ham shu sabablar bilan o‘lsa, u harom o‘lgan hisoblanadimi? 

Javobingiz uchun rahmat.

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘zini o‘zi o‘ldirish Allohning qazoi qadariga norozi bo‘lish, Alloh bergan hayot ne’matiga nonko‘rlik qilish, osiylik va irodasizlikdir. O‘zini o‘zi o‘ldirish musulmonlarga xos bo‘lmagan qo‘rqoqlik va nomardlikdir.

Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganlari bu odamning qilgan noma’qulchiligi uchun munosib jazo hamdir. Oxiratda esa alohida jazolar bo‘ladi.

Imom Buxoriy Sobit ibn az-Zahhok roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:

«Nabiy alayhissalom: «Kim o‘zini temir asbob bilan o‘ldirsa, jahannam otashida o‘sha bilan azoblanadi», deganlar».

Imom Buxoriy Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: 

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bir odamning jarohati bor edi. U o‘zini o‘ldirdi. Shunda Alloh azza va jalla: 

«Bandam Mendan avval joni haqida o‘zi shoshqaloqlik qildi. Men unga jannatni harom qildim», dedi», deganlar».

Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: 

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘zini o‘zi bo‘qqan do‘zaxda ham bo‘g‘ib turadi. O‘ziga o‘zi pichoq urgan do‘zaxda ham pichoq urib turadi», deganlar».

Demak o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamning do‘zaxga tushishiga shubha yo‘q.

Odamlarga o‘rnak bo‘lish uchun bu dunyoda ham unga o‘zgacha munosabatda bo‘linadi.

Umar ibn Abdulaziz, Avzoiy va Imom Ahmadning mazhablari bo‘yicha o‘zini o‘zi o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qilmaydi. Vallohu a’lam.

Kiritildi: 09:32 14.12.2018. O'qildi: 18502 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!