O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida Suriyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib, 4:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.
Toshkentdagi "Paxtakor" stadionida kechgan bahsda hisob 27-daqiqada ochildi. Husayn Norchayevning uzatmasidan keyin Sherzod Esanov raqib darvozasini ishg‘ol qildi — 1:0.
Birinchi bo‘lim yakunida Akmal Mozgovoy hisobni oshirib, O‘zbekistonni tanaffusga ikki to‘p farqi bilan olib chiqdi — 2:0.
Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan milliy jamoamiz yana gol urdi. 48-daqiqada Abbosbek Fayzullayevning uzatmasidan keyin Husayn Norchayev hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Bahs yakuniga yaqin Norchayev yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi. 90-daqiqada Diyor Xolmatovning pasidan keyin u dubl qayd etdi — 4:0.
Qo‘shib berilgan vaqtda esa Muhammad Hakimov o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi va yakuniy hisob 4:1 ko‘rinishini oldi.
Shu tariqa, Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Suriya ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
O‘zbekiston — Suriya — 4:1
Gollar: Sherzod Esanov, 27 — 1:0; Akmal Mozgovoy, 45 — 2:0; Husayn Norchayev, 48 — 3:0; Husayn Norchayev, 90 — 4:0; Muhammad Hakimov, 90+2 (avtogol) — 4:1.