Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari 2024 yilda ta’sis etilgan Oliy davlatlararo kengash formati o‘zining dolzarbligi va samaradorligini ko‘rsatganini ta’kidladi.
– Munosabatlarimiz bugungi kunda eng yuqori – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, ikki tomonlama salohiyatdan foydalanish yo‘llarini batafsil muhokama qildilar va O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligini kengaytirishga sezilarli turtki beradigan bir qator qarorlar qabul qildilar.
O‘zaro savdoning barqaror o‘sishini ta’minlash, uning tarkibini diversifikasiya qilish va biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu ko‘rsatkichni 2030 yilgacha 10 milliardga yetkazish maqsad qilingan.
Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan, savdo va investisiya bitimlarining salmoqli to‘plami shakllantirilgan, “O‘zKazTreyd” kompaniyasi ta’sis etilgan, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mamlakatimiz yetakchisi sanoat kooperasiyasi sohasida erishilgan katta muvaffaqiyatlarni qayd etdi.
Tashrif doirasida «Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat kooperasiyasi markazi hamda 1,3 milliard dollarlik qator muhim loyihalar ishga tushiriladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod bo‘lgan, jumladan, kimyo, geologiya, infratuzilma, logistika, agrosanoat va ko‘plab boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli Sanoat kooperasiyasi dasturi tayyorlandi.
Transport va logistika sohasida tizimli sheriklik ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Yangi transport yo‘laklarini, shu jumladan, «Uchquduq – Qizilo‘rda» yo‘nalishini yaratish, Aqtau, Quriq va Xorgos portlarida yuk tashishni rag‘batlantirish bo‘yicha birgalikda ishlash zarurligi qayd etildi.
Energiya resurslarini tashish va qayta ishlash, energiyani tejash, «yashil» texnologiyalar hamda axborot texnologiyalarini joriy qilish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
Suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘riladi. Tomonlar tashrif doirasida Transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolanishini olqishladilar.
Etakchilar gumanitar aloqalar alohida o‘rin tutishini qayd etdilar. Joriy yilda Olmaota va Ostona shaharlarida qo‘shma madaniy tadbirlar – «Lazgi» baleti, rassomlar ko‘rgazmasi, adabiyotchilar forumi va yoshlar festivali, shuningdek, O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari va Toshkent shahrida Ostona kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Fan va ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston va Qozog‘istonning tarixiy qadamjolari, boy madaniy va ma’naviy merosini ommalashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, muzokaralar kun tartibi yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, energetika, transport va madaniyat vazirlarining hisobotlari tinglandi.
Davlatlararo oliy kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.