Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Musulmon oqsoqollar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom bilan muzokara o‘tkazdi.
Musulmon oqsoqollar kengashi bilan keng ko‘lamli aloqalarni mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik hamda an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Suhbat davomida mamlakatimizda ma’rifat va diniy bag‘rikenglik masalalariga alohida e’tibor berilayotgani, so‘nggi yetti yilda soha bo‘yicha 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani aytib o‘tildi.
O‘zbekistonning millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni o‘rnatish siyosati Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va boshqa xalqaro huquqiy-me’yoriy hujjatlarga to‘la mos kelishi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, yurtimizda turli millat va din vakillarining o‘z salohiyatini to‘laqonli amalga oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun konstitusiyaviy kafolatlar ta’minlangan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududlardagi vakilliklari, 3 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi hamda 16 ta konfessiyaga tegishli 2 300 dan ortiq diniy tashkilot faoliyat yuritib kelyapti.
Muhammad Abdusalom O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro maydonda ham e’tirof etilayotgani, hujjat mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga turtki bo‘lganiga alohida to‘xtaldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
O‘zbekistonning butun dunyo musulmonlari uchun juda katta ahamiyatga molik ekani, ushbu yurtdan yetishib chiqqan olimlar nafaqat musulmon olamiga, balki butun dunyo uchun ham katta ilmiy meros qoldirgani ta’kidlab o‘tildi.