Uychi tumani hokimi (vazifasini bajaruvchi Muhammadayubxo‘ja Apaqov –tahririyat) tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiridan maktablardan bir nafardan mavsumiy ishchilarni Toshkent viloyatiga paxta terimiga yuborishni talab qilgan. Bu haqda XTV axborot xizmatiga asoslanib "Turon24" xabar berdi.
Hokim tumanning barcha maktab direktorlarini to‘plab berishni va ular bilan suhbatlashishini aytgan. Maktab direktorlari bilan uchrashuv davomida tuman hokimi paxta terimiga bir nafardan xodim chiqishini ta’minlashni topshirgan.
Uychi tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri (Shuhrat Murodov) maktab rahbarlariga hokimning topshirig‘ini bajarmaslikni aytgan va majburiy mehnatning oldini olgan.
2018 yil 2 avgust kuni Namangan viloyati Uychi tumanida to‘rtta sektor rahbari o‘z vazifalaridan ozod etilgandi. Tuman hokimi Abdug‘ani Turdiyev o‘rniga 14 avgust kuni Muhammadayubxo‘ja Apaqov vaqtincha tayinlangandi.