Bugun 22 sentyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Useyn Boltdan ham tez: Xitoy roboti 100 metrni 8,86 soniyada yugurdi

Useyn Boltdan ham tez: Xitoy roboti 100 metrni 8,86 soniyada yugurdi

Pekinda o‘tayotgan Jahon gumanoid robotlar o‘yinlari robototexnika sohasidagi keskin taraqqiyotni namoyish qilmoqda. Musobaqaning eng katta shov-shuvi 100 metrga yugurish bahsida kuzatildi — Tiangong Ultra nomli gumanoid masofani 8,86 soniyada bosib o‘tdi. Bu yamaykalik Useyn Bolt 2009 yilda o‘rnatgan 9,58 soniyalik insonlar jahon rekordidan 0,72 soniya tezroq.

Tiangong Ultra dastlab musobaqada 9,39 soniya ko‘rsatgan edi. 25 avgustdagi yarimfinal poygasida esa o‘z natijasini yana keskin yaxshiladi. Taqqoslash uchun, ushbu robot o‘tgan yilgi musobaqada xuddi shu masofani 21,50 soniyada bosib o‘tgan.

Honor kompaniyasi ishlab chiqqan Lightning ham tezligi bilan e’tibor markaziga tushdi. O‘yinlar oldidan o‘tkazilgan sinovda u 100 metrni 9,32 soniyada yugurib, soniyasiga 14,5 metrgacha tezlikka chiqqan. Musobaqaning dastlabki poygasida esa Lightning 9,47 soniya natija ko‘rsatgan.

Bu robotning imkoniyatlari avvalroq uzoq masofada ham sinovdan o‘tkazilgan. Aprel oyida Pekinda tashkil etilgan 21,0975 kilometrlik gumanoid robotlar yarimmarafonida Lightning 50 daqiqa 26 soniyalik natija bilan g‘olib chiqqan. Bu ko‘rsatkich insonlar orasidagi eng yaxshi rasmiy natijalardan ham ancha tez. 23 avgust kuni efiopiyalik Yomif Kejelcha yarimmarafonni 56 daqiqa 51 soniyada bosib o‘tgan va uning natijasi jahon rekordi sifatida tasdiqlanishi kutilmoqda.

Lightning yarimmarafon paytida 169 santimetr bo‘yga ega bo‘lib, oyoqlari uzunligi 95 santimetrni tashkil etgan. Jahon gumanoid robotlar o‘yinlari oldidan muhandislar uning oyoqlarini yana 10 santimetrga uzaytirgan.

Yuqori natijalarga qaramay, robotlarning harakatni xavfsiz yakunlashi hali ham muammoligicha qolmoqda. Yuqori tezlikdan keyin to‘xtashda ayrim gumanoidlar himoya to‘siqlariga borib urilgan, Lightning esa poygalardan birida yiqilib, maydondan zambilda olib chiqilgan.

Robotlar balandlikka sakrashda ham e’tiborli ko‘rsatkich qayd etdi. X-Humanoid ishlab chiqqan Tiangong Ultra ochilish marosimida tik turgan holatdan 2,88 metr balandlikka sakradi. Raqam jihatidan bu Xavyer Sotomayorning 2,45 metrlik insonlar rekordidan baland, biroq ikki natija turli shart va qoidalarda qayd etilgani sababli ular to‘g‘ridan to‘g‘ri sport rekordi sifatida taqqoslanmaydi.

Pekindagi musobaqada 16 mamlakatdan 666 ta jamoa tarkibida 2 mingdan ortiq robot ishtirok etmoqda. Dasturda 51 yo‘nalish bo‘lib, ular orasida yugurish, futbol va boshqa sport bahslari bilan birga sanoat hamda amaliy vazifalarni bajarish bo‘yicha sinovlar ham bor.

Kiritildi: 17:21 26.08.2026. O'qildi: 756 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!