Bu g‘oyani Britaniyaning Prosperity Institute tahlil markazi ilgari surgan. Markazning hisobotiga ko‘ra, sotuvga qo‘yilgan ayrim universitet binolari va hatto butun kampuslarni sotib olib, ularni mahbuslar saqlanadigan muassasalarga moslashtirish mumkin.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, tayyor binolarni qayta jihozlash yangi qamoqxonalarni noldan qurishga qaraganda davlat uchun ancha arzonga tushishi mumkin.
Hisobotda, shuningdek, sobiq internat maktablar va tibbiyot xodimlarini tayyorlash markazlaridan ham qamoqxona sifatida foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etilgan.
Britaniyada qamoqxonalardagi joy tanqisligi jiddiy muammoga aylangan. 2024 yildan boshlab qamoqxonalardagi ortiqcha yuklamani kamaytirish maqsadida ayrim mahbuslarni jazo muddatining yarmini o‘taganidan keyin ozod qilish imkoniyati joriy etilgan.
Shundan beri ushbu dastur doirasida qariyb 60 ming kishi muddatidan oldin ozod qilingan.