Imom G‘azzoliyga mansub «Ihyou ulumid-din» asarining «Har qanday hol va holatda o‘limni eslashning fazilati» bobida, jumladan, quyidagi muborak hadisi shariflar keltiriladi.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Lazzatlarni barbod etuvchi o‘limni ko‘p eslangizlar».
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Sizlar (ya’ni inson zoti) o‘lim xususida bilgan narsalarni hayvonlar bilsa edi, ularning badanida yeydigan et topa olmas edingizlar. (Ya’ni ular qo‘rqqanidan eti suyaklariga yopishib, qoq suyak bo‘lib qolar edi)».
Hazrati Oisha onamiz roziyallohu anho janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Shahidlar bilan birga tirgiziladigan boshqa biror kishi bormi?» – deb so‘radilar.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ha, bor. Kunda yigirma marta o‘limni o‘ylagan kishi shahidlar bilan birga tirgizilgaydir».
Chunki o‘limni yigirma marta o‘ylash insonning dunyoga bog‘lanishiga to‘siq bo‘ladi va uni oxirat hayotiga hozirlanmoqqa chaqiradi. O‘limni unutish esa insonning dunyo zavqlariga bog‘lanishiga sababdir.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: «O‘lim mo‘’min uchun bir hadyadir».
Chunki dunyo mo‘’min kishining hibs etilgan bir joyidir. Zero, bu yerda nafsi bilan doim mujodala qiladi. Shahvatlariga qarshi nafsini tarbiyat qilib, o‘zini shaytonning ta’arruzlaridan mudofaa etadi. O‘lim esa uning bu barcha qiyinchiliklardan qutulmog‘i demakdir. Uning bunday mashaqqatlardan ozod bo‘lmog‘i inson uchun bir hadyadir.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «O‘limni ko‘p eslangizlar, chunki o‘lim (sizlarni) gunoh ishlar qilishdan to‘sadi va dunyodan yuz o‘girtiradi».
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «O‘lim bir voiz (o‘git va ibrat) sifatida sizlarga yetarlidir».
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «O‘limni eslangizlar va diqqat qilingizlar, jonim qudrati qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, agar men bilgan narsani sizlar bilganlaringizda edi, (bu dunyoda) kamroq kulib, ko‘proq yig‘lar edingizlar».
Bir kuni janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir kishini maqtadilar. Shunda janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U kishi o‘limni eslash jihatidan qanday?» – deb so‘radilar. Ular: «Hech o‘limni eslaganini ko‘rmadik», – deyishdi. Shunda hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Undoq bo‘lsa, u odamning hech qiymati yo‘q», – dedilar.
Hazrati Ibni Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Bir kuni o‘ninchi kishi bo‘lib janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida edim. Ansorlardan biri: «Eng aqlli va eng karamli kishi kim?» – deb so‘radi.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «O‘limni eng ko‘p eslagan va unga hozirlik ko‘rgan kishidir. Dunyoning sharafi bilan oxiratning karamini qozongan aqlli kishilar ana shulardir».