Hozirning o‘zidayoq ukrainlar kuniga 16 soatgacha svet o‘chishiga duch kelishmoqda. Oldindagi qish Ukrainada deyarli to‘rt yillik urush davridagi eng og‘ir qishlardan biri bo‘ladi, deb yozadi Politico va BBC.
Jurnalistlar Ukraina hukumati rasmiylari va har kuni elektr energiyasi o‘chirilayotgan aholi bilan suhbatlashdi.
Ukraina hukumatining shaxsi oshkor etilmagan yuqori martabali mulozimi BBC bilan suhbatda yaqin oylar juda og‘ir bo‘lishini taxmin qilmoqda. «O‘ylaymanki, bu tariximizdagi eng yomon qish bo‘ladi. Rossiya bizning energiyamizni, infratuzilmamizni, isitish tizimimizni yo‘q qiladi. Barcha davlat idoralari eng yomon ssenariyga tayyor bo‘lishi kerak», – deydi u.