Ukraina Yaponiya bilan uchuvchisiz texnologiyalar, shu jumladan dronlarni birgalikda ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kyodo News agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Sibiganing ta’kidlashicha, hozirda Ukraina Rossiya bilan urushda orttirgan tajribaga ega va shu sababli Kiyev va Tokio o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
“Hozirgi kunda biz dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchisimiz... Biz Yaponiya bilan tajribamizni o‘rtoqlashishga va hamkorlik qilishga, xususan, dronlar ishlab chiqarishda hamkorlik o‘rnatishga tayyormiz”, deydi vazir.
Sibiga Yaponiya konstitusiyasida belgilangan qurol-yarog‘larni uzatish bo‘yicha qat’iy cheklovlarga ishora qilib, dronlar sohasidagi hamkorlik qishloq xo‘jaligidan tortib razvedka texnologiyalarigacha bo‘lgan keng qamrovni o‘z ichiga olishi mumkinligini ta’kidlagan.
Yaponiya o‘tgan yili qurol eksporti qoidalarini yumshatgan. Endi Tokio boshqa davlatlarga qiruvchi samolyotlarni sotishi mumkin, ammo jangovar harakatlar olib borilayotgan mamlakatlarga samolyotlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.