Kursk viloyati gubernatori Aleksandr Xinshteyn Ukraina Qurolli kuchlari “Pasxa sulhi”ni buzganini bildirdi. Uning aytishicha, Lgov shahrida Ukraina droni yonilg‘i quyish shoxobchasiga hujum qilgan va oqibatda uch kishi, jumladan bir yoshli bola jarohatlangan.
Xinshteyn dron zarbasi 11 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan keyin, ya’ni frontda “Pasxa sulhi” kuchga kirgan vaqtda sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda. Biroq u bunga hech qanday dalil keltirmagan.
Bundan tashqari, Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov chegaraoldi Shebekino shahrining ikki nafar tinch aholisi Ukraina tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida yaralanganini ma’lum qildi. Mulozim bu haqdagi postni o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan.
Xerson viloyatining Rossiya tomonidan egallab olingan Novaya Kaxovka ma’muriyati ham shahar Ukraina tomonidan o‘qqa tutilganini va bir nafar tinch aholi vakili jarohatlanganini bildirdi.
Ukraina nashrlarining yozishicha, Rossiya qo‘shinlari ham Xerson viloyatiga reaktiv tizimlardan zarba berib, sulhni buzgan. Shuningdek, Xarkov va Zaporijjya viloyatlarida sulh boshlanganidan keyin dronlar hujumi xavfi tufayli havo hujumidan ogohlantirish e’lon qilingan.
Shu bilan birga, Ukrainaning “Exilenova+” monitoring kanali o‘z manbalariga tayanib, sulh “frontning aksariyat qismlarida haqiqatan ham ishlayotganini” ta’kidlamoqda. "Razvedka dronlari ikkala tomonda ham uchmoqda. Ikkala tomon ham ularni urib tushirmoqda", deb yozadi kanal mualliflari.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi “Pasxa sulhi” 11 aprel soat 16:00 dan 12 aprel kuni yakuniga qadar davom etadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya tomoniga o‘t ochishni to‘xtatish rejimini Pasxadan keyin ham davom ettirish imkoniyati haqida ma’lumot yetkazilganini ma’lum qilgan.