Evropa Ittifoqi Ukrainada dron ishlab chiqarish uchun 1 milliard yevro ajratadi.
Ukraina va Yevropa Ittifoqi dronlar sohasidagi keng qamrovli hamkorlikka asos bo‘ladigan birinchi hujjatni imzoladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, mazkur hujjat kelgusida «Drone Deal» deb ataluvchi yirik mudofaa kelishuvining asosini tashkil etadi.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha, kelishuv Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning Kiyevga tashrifi chog‘ida erishilgan.
«Bugun katta mudofaa kelishuvi — Drone Deal uchun asos bo‘ladigan birinchi hujjat imzolandi. Bu Ukraina va Yevropa Ittifoqi munosabatlarida haqiqatan ham tarixiy qadamdir. Shuningdek, Yevropa Ittifoqidan raketaga qarshi mudofaa dasturimiz uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kutmoqdamiz», — dedi Ukraina prezidenti.
Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun ajratilayotgan 90 milliard yevroga teng kredit mablag‘lari hisobidan mamlakatda dronlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard yevro yo‘naltiradi.