Ukraina harbiy harakatlarda 30 kunlik tanaffusga rozi bo‘ldi, AQSh harbiy ta’minot va razvedka ma’lumotlarini almashishni tiklaydi. Bu haqda Saudiya Arabistonida kechgan Ukraina va AQSh muzokaralarining qo‘shma bayonotida aytiladi.
Ukraina va AQSh delegasiyalari Jiddadagi muzokaralar yakunida qo‘shma bayonot berdi.
Uning eng muhim elementlari: Ukraina “Rossiya Federasiyasi tomonidan qabul qilinishi va aniq bajarilishi sharti bilan tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin bo‘lgan 30 kunlik vaqtinchalik sulh”ga rozi bo‘lishga tayyor.
Bayonotda, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam va razvedka ma’lumotlarini almashishni qayta boshlaydi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, endi javob berish navbatida Rossiya tomonida. Hozircha rasmiy Moskva mazkur bayonotlarga javob berganicha yo‘q.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy vaqtinchalik sulh bo‘yicha ma’lumotni tasdiqladi. Uning aytishicha, AQSh endi Rossiya tomonini ham kelishuvga rioya etishga ko‘ndirmog‘i kerak.