Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Qora va Azov dengizlarida 14 ta tanker va parom nishonga olingan.
Ukraina harbiylari Qora va Azov dengizlari akvatoriyalarida Rossiyaga tegishli 14 ta kemaga zarba berilganini ma’lum qildi. Hujumlar Rossiyaning logistika ta’minoti va harbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda foydalanilayotgan tankerlar va paromlarga qaratilgani aytildi.
Ukraina Qurolli kuchlari Uchuvchisiz tizimlar kuchlari (SBS)ning Telegram’dagi rasmiy bayonotiga ko‘ra, bir nechta bo‘linma operatorlari muvofiqlashtirilgan operasiya o‘tkazgan. Ukraina tomoni ushbu kemalar xalqaro sanksiyalar ostida ekanini ta’kidladi.
SBS ma’lumotiga ko‘ra, 6–12 iyul kunlari Ukraina uchuvchisiz tizimlari bo‘linmalari Rossiyaning «yashirin floti»ga mansub jami 90 ta ob’ektni ishdan chiqargan.
SBS qo‘mondonligiga ko‘ra, tankerlar va paromlarga berilgan zarbalar Moskva uchun ushbu kemalardan xalqaro cheklovlarni chetlab o‘tish maqsadida foydalanishni sezilarli darajada qiyinlashtiradi.
Idoraning ta’kidlashicha, bunday operasiyalar bosqichma-bosqich Rossiyaning harbiy iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kamaytirib, Qurolli kuchlarning logistika ta’minotini ham murakkablashtirmoqda.