Bryussel Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga nomzod davlatlarga bosqichma-bosqich integrasiya jarayonida ko‘proq imtiyozlar berishni taklif qilmoqda. Shuningdek, yangi a’zolar islohotlarni to‘xtatsa yoki o‘z majburiyatlaridan chekinsa, ularning ayrim huquqlarini cheklash imkonini beruvchi mexanizmlar joriy etilishi mumkin.
Evropa Komissiyasining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos 6 oktyabr kuni Strasburgda tegishli o‘zgarishlar paketi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
«Endi boshqa Viktor Orbanlar kerak emas. Agar YEIga yangi qo‘shilgan davlatlar qonun ustuvorligi, demokratiya va umumiy qadriyatlarimizni buzsa, bizga 7-moddada nazarda tutilgan mexanizmdan — a’zo davlatning ovoz berish huquqini to‘xtatishdan — ko‘ra tezkorroq choralar kerak», — dedi Kos.
Bryusselni yangi a’zolarga nisbatan qo‘shimcha himoya mexanizmlarini joriy etishga so‘nggi yillarda Vengriya va Polshada qonun ustuvorligi hamda YEI bilan hamkorlik tamoyillari borasida yuzaga kelgan muammolar undadi.
Ukraina Moldova, Albaniya va Chernogoriya bilan birga YEIga a’zo bo‘lish uchun zarur islohotlarni amalga oshirishda eng katta yutuqlarga erishgan to‘rt nomzod davlat qatoridan joy olgan.
Marta Kosning aytishicha, oktyabr oyi oxirida YEI kengayishi bo‘yicha yillik hisobot e’lon qilinganda, Yevropa Komissiyasi ushbu davlatlar uchun «yo‘l xaritalari»ni ham taqdim etadi. Ularda nomzod davlatlar amalga oshirishi kerak bo‘lgan aniq islohotlar va a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunlashning taxminiy muddatlari belgilanadi.