Ugandada Toro an’anaviy qirolligi qiroli va dunyodagi eng yosh hukmron monarx Oyo Nimbu Kabambu Igura Rukidiy IV dafn etildi. U taxtga uch yoshligida o‘tirgan, avgust oyining oxirida esa 35 yoshga to‘lmay turib saraton kasalligidan vafot etgan.
Qirol bilan xayrlashuv marosimi keng ko‘lamli tadbirga aylandi. Uning tobuti taxminan 230 ming yevro turadigan maxsus qayta jihozlangan Mercedes GLE 400d avtomobilida olib borildi. Avtomobil uzaytirilib, marosim ishtirokchilari tobutni har tomondan ko‘rishi uchun ikki tomonga ochiladigan eshiklar bilan jihozlandi.
Fort-Portal shahridagi anglikan soboriga minglab odamlar yig‘ildi. Marosimdan so‘ng oliy ruhoniy tobutni olti kilometr masofada piyoda ko‘tarib, qirollik dafngohlariga olib bordi.
Oyo 1995 yilda, atigi uch yoshida qirol bo‘lgan. O‘tgan yili Ginnesning rekordlar kitobi uni rasman dunyodagi eng yosh qirol sifatida tan olgan. Monarx atrof-muhitni muhofaza qilish va OIVga qarshi kurashish ishlari bilan shug‘ullangan. Uning xotirasiga Uganda Anglikan cherkovi 15 million daraxt ekish rejasini e’lon qildi.
Qirol vafotidan so‘ng taxt vorisligi masalasida nizo kelib chiqdi. Oxir-oqibat, qirollik oilasining bir qismi qarshilik bildirganiga qaramay, 56 yoshli shahzoda Edvard Rukidiy Kyanangoma yangi hukmdor deb e’lon qilindi.
Marosim vaqtida u marhumning jasadini an’anaviy mato bilan yopdi, qabrga to‘qqizta qahva donasi tashladi va yerga sut quydi. Bu orqali yangi qirol ajdodlar ruhlariga o‘zini tanishtirib, ulardan himoya so‘ragan.