Bugun 28 sentyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Ugandada 9-liga klubi darvozaboni qirol bo‘lishi mumkin

Ugandada 9-liga klubi darvozaboni qirol bo‘lishi mumkin

Ugandadagi Toro qirolligi taxtiga Angliyaning Londondagi 9-liga darajasidagi havaskor futbol klubi darvozaboni va kapitani Jorj Desmond Kamurasi da’vogar bo‘ldi.

36 yoshli Kamurasi Toro qirolligida yaqinda vafot etgan qirol Oyo Nimba Kabamba Iguruki IVning amakivachchasi hisoblanadi. Ugandadagi an’anaga ko‘ra, Kamurasi qirollik taxtining ehtimoliy vorislaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Toro — Ugandining g‘arbiy qismida joylashgan tarixiy qirollik bo‘lib, unda bir milliondan ortiq aholi yashaydi. Ugandada bir nechta qirolliklar saqlanib qolgan. Ular mamlakat siyosiy hayotida jiddiy vakolatlarga ega emas, ammo madaniy va tarixiy jihatdan muhim o‘rin tutadi.

«Big G» laqabi bilan tanilgan Kamurasi Angliyada tug‘ilib o‘sgan. Uning bobosi Jorj Rukidi III Toro qiroli bo‘lgan. Yaqinda saraton kasalligidan 34 yoshida vafot etgan qirol Oyo unga qarindosh hisoblanadi.

Kamurasi ikki yil avval ijtimoiy tarmoqda Uganda bilan madaniy aloqasini saqlab kelayotganini yozgan. U o‘zining Ugandaga bo‘lgan mehri, ayniqsa, ota-onasi unga o‘rgatgan mehr-oqibat, mehnatsevarlik va matonat kabi qadriyatlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

Biroq Kamurasining hayoti hozircha London bilan chambarchas bog‘langan. U oilasi bilan Angliyada yashaydi va uning asosiy qiziqishi futbol hisoblanadi. U South East Dons havaskor klubida darvozabon sifatida to‘p suradi. Jamoa Angliya futbolining 9-ligasi darajasida ishtirok etadi.

Kamurasi klubda nafaqat darvozabon, balki jamoa kapitani hamdir. U futbolchilarni birlashtirib, muhim o‘yinlarda ularni ruhlantirib keladi.

Shu sababli Kamurasi hozircha futbol maydonini tashlab, qirollik taxtiga o‘tirishga tayyormi-yo‘qmi, aniq qaror qilmagan. Britaniya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, u nomzodlikni qabul qilish masalasida hali ikkilanmoqda.

Hatto Kamurasi o‘z amakivachchasining dafn marosimida ishtirok eta oladimi-yo‘qmi, bu ham noma’lum. Chunki dafn marosimi belgilangan sanada uning klubi uchun muhim kubok uchrashuvi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 21 kishidan iborat maxsus qo‘mita Kamurasini Toro taxtiga nomzod sifatida taklif qilgan. Uganda prezidenti ham ushbu tanlovni ma’qullagan.

Endi yakuniy qaror Kamurasining o‘ziga bog‘liq. U Londondagi futbolchilik faoliyatini davom ettiradimi yoki Ugandaga borib, Toro qirolligining yangi qiroli bo‘ladimi — hozircha noma’lum.

Kiritildi: 21:01 08.09.2026. O'qildi: 877 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!