Xabaringiz bor, 2027 yil O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan FIFA U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Prezident qarori ijrosi doirasida ayni vaqtda Yangi Toshkent stadioni qurilish ishlari davom etmoqda.
Bugun O‘zbekiston futbol assosiasiyasi rahbariyati Yangi Toshkent stadionida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. O‘FA birinchi vise-prezidenti Ravshan Irmatov Yangi Toshkent stadioni quruvchilari bilan uchrashib, ish jarayonlarini o‘rgandi. Qurilishda birinchi navbatda sifat, xavfsizlik va qulaylik masalalariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ushbu stadion FIFAning barcha talablarini bajara olishi va jahon standartlariga to‘liq mos kelishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, u xalqaro musobaqalarni yuqori sifatda mezbonlik qilish imkonini beradi hamda futbolchilar va muxlislar uchun qulay sharoitlarni yaratadi.