Bugun 16 iyun, 2026 yil, seshanba

КИР

Turkiyada “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi

Turkiyada “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi

Turkiyada “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi.

Shuningdek, Hatay viloyatida Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Turkiyaning Hatay viloyatining Arsuz tumanida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan turar-joy majmuasi negizida tashkil etilgan “O‘zbekiston mahallasi”, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegasiya, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Numan Kurtulmush mazkur tashabbus Turkiya xalqining O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan samimiy minnatdorligi va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Arsuzda O‘zbekiston tarixiy shaharlari va davlat rahbari nomining abadiylashtirilishi og‘ir kunlarda Turkiya bilan birga bo‘lgan o‘zbek xalqiga bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir.

Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli esa 2023 yil 6 fevraldagi vayronkor zilziladan so‘ng O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam turk xalqi xotirasida doimo saqlanib qolishini ta’kidlagan. U “O‘zbekiston mahallasi” nomining berilishi ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik va birdamlikning yorqin timsoli ekanini qayd etgan.

Tadbir yakunida ishtirokchilar ramziy tasma kesib, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarini rasman ochdilar.

Qayd etilishicha, mazkur turar-joy majmuasi O‘zbekistonning zilziladan zarar ko‘rgan Hatay viloyatini tiklashga qaratilgan gumanitar yordami natijasida bunyod etilgan bo‘lib, u ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarining yana bir yorqin namunasi sifatida baholanmoqda.

Kiritildi: Bugun 11:09. O'qildi: 329 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!