Agar Yaqin Sharq mintaqasidagi boshqa davlatlarda yadro quroli paydo bo‘lsa, Turkiya ham yadroviy poygaga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan CNN Turk efirida aytib o‘tdi.
«Bu masalani umumiy strategik vaziyat kontekstida ko‘rib chiqish kerak. Ochig‘ini aytganda, biz mintaqada hozirgi kuchlar muvozanatini buzishi mumkin bo‘lgan dramatik o‘zgarishlarni ko‘rishni istamaymiz.
Masalan, Eron bilan muammoli masalalarga ega bo‘lgan mamlakatlar yadro qurolini qo‘lga kiritishga intilishni boshlaydi. Turkiya ham beixtiyor bu qurollanish poygasiga qo‘shilishiga to‘g‘ri keladi», – dedi u.
Shu bilan birga, u yadro quroliga ega bo‘lishning o‘ziga xos «risklari borligi»ni ham ta’kidlagan.
Turkiya TIV rahbarining bu bayonoti Eron yadroviy dasturi atrofidagi vaziyat tufayli mintaqada saqlanib qolayotgan keskinlik fonida yangradi. Shuningdek, 2025 yil sentyabr oyida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘zaro yordam to‘g‘risidagi strategik mudofaa shartnomasini imzoladi, uning doirasida qirollikka Pokiston yadroviy qurolidan foydalanish imkoniyati berilishi mumkin.