Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi turkiy dunyo nashriyotchilik sohasini yagona maydonda birlashtirish maqsadida 27–29 mart kunlari Anqarada “Turkiy dunyo noshirlik kongressi”ni o‘tkazmoqda.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, uch kun davom etadigan mazkur kongress madaniy merosni asrash, umumiy alifbo masalalari, mualliflik huquqlari hamda tarmoqlararo hamkorlik kabi keng yo‘nalishlarda uzoq muddatli va amaliy natijalarga erishishni ko‘zda tutadi. Kongress “Kelajak uchun — birgalikda” shiori ostida butun turkiy dunyodan noshirlar, yozuvchilar, tarjimonlar va akademiklarni jamlaydi.
Ilk bor keng ko‘lamda o‘tkazilayotgan ushbu kongress turkiy dunyo nashriyotchilik sohasidagi umumiy qarashlarni mustahkamlashga qaratilgan. Unda hamjamiyatlar o‘rtasidagi madaniy va savdo aloqalarini rivojlantirish, hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, nashriyotchilik amaliyotida davlatlararo uyg‘unlik va standartlashtirishni ta’minlash asosiy maqsad etib belgilangan. Shu bilan birga, sohaning rivojiga hissa qo‘shadigan mushtarak siyosat, chora-tadbir va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish ham kongressning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Kongressda Turkiya bilan bir qatorda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, Moldova, Eron, Iroq, Germaniya hamda Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan jami 140 nafar soha vakili ishtirok etadi.
Sohaviy tuzilma, nashriyotchilik huquqi, intellektual mulk va mualliflik huquqlari almashinuvi, kontent yaratish, mushtarak alifbo va til masalalari, nashriyot standartlari, to‘plam, tarjima va uni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari 6 ta alohida komissiya doirasida batafsil muhokama qilinadi.
Kongress yakunida e’lon qilinadigan natijaviy bayonot orqali barqaror va samarali hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish, uzoq muddatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq va amaliy qadamlar belgilab olinadi.