AQSh Prezidenti Donald Trampning kompaniyasi treyderlarga uning «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi postlariga tezkor kirish imkonini beruvchi pulli xizmatni ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Yangi tizim avgust oyida ish boshlashi va mijozlarga Trampning postlarini keng jamoatchilikka taqdim etilishidan oldin qo‘lga kiritish imkonini berishi kutilmoqda.
Bu haqda «The Wall Street Journal» nashri xabar berdi.
«Trump Media» kompaniyasi ushbu xizmat yangi daromad manbaiga aylanishi mumkin deb hisoblaydi, chunki Oq uy rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi postlari moliya bozorlariga tez-tez jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Maqolada qayd etilishicha, AQSh yetakchisi ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan bir necha bor moliya bozorlarida keskin tebranishlarga sabab bo‘lgan. Natijada, ba’zi investorlar katta daromad olgan bo‘lsa, boshqalari sezilarli zarar ko‘rgan. Shu fonda «Trump Media» treyderlar va institusional investorlarga Trampning «Truth Social» platformasidagi postlariga keng tarqalishidan avval ustuvor kirish imkonini beradigan pullik xizmat yaratish niyatida ekanini ma’lum qildi.