Bugun 11 yanvar, 2026 yil, yakshanba

КИР

Trampning 100 milliard dollarlik neft rejasi nimani anglatadi?

Trampning 100 milliard dollarlik neft rejasi nimani anglatadi?

AQSh prezidenti Donald Tramp 9 yanvar kuni 17 ta neft konserni rahbarlari bilan uchrashib, ularni Venesuela neftiga investisiya kiritishga ko‘ndirishga harakat qildi. Nikolas Maduro hibsga olinganidan so‘ng, Tramp Venesuelaning energetika sohasini tiklash va neft qazib olish hajmini keskin oshirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun katta mablag‘ talab etiladi. Prezident ushbu maqsadda 100 milliard AQSh dollari jalb qilishni istamoqda va evaziga neft kompaniyalariga yuqori foyda va’da qilmoqda.

Uchrashuv davomida Tramp Venesuela neftini «og‘ir neft, juda yaxshi neft, ajoyib neft» deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu neft «ayrim maqsadlar, masalan, asfalt yo‘llar uchun juda mos», hatto «dunyoda asfalt yo‘llar va boshqa ishlatish turlari uchun eng yaxshisi» hisoblanadi.

AQSh prezidenti neft konsernlariga investisiyalari uchun «mutlaq xavfsizlik» va moliyaviy kafolatlar va’da qildi. Energetika vaziri Kris Rayt yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun AQSh Eksport-import banki imkoniyatlaridan foydalanish mumkinligini aytdi. Uchrashuvdan so‘ng Tramp jurnalistlarga: «Biz qandaydir kelishuvga o‘xshash narsani shakllantirdik. Ular yuzlab milliard dollar investisiya qiladi», — dedi. Biroq uning energetika vaziri bu masalada ehtiyotkorroq bo‘lib, CNN’ga «juda katta qiziqish bor», deya cheklandi.

Ammo haqiqatda vaziyat qanday?
Politico nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda qatnashgan kompaniyalarning aksariyati Tramp rejasiga nisbatan faqat ehtiyotkor qo‘llab-quvvatlash bildirdi.

▫️ ExxonMobil rahbari Darren Vuds Washington Post’ga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Venesuelani «investisiya uchun yaroqsiz» deb atagan. U savdo qoidalari va huquqiy tizimda «jiddiy o‘zgarishlar» hamda investisiyalarni «uzoq muddatli himoya qilish choralari» zarurligini ta’kidlagan. Shunga qaramay, Vuds yaqin vaqt ichida vaziyatni o‘rganish uchun Venesuelaga texnik guruh yuborishga va’da bergan.

▫️ ConocoPhillips esa Politico’ga ko‘ra, faqatgina kompaniya bosh direktori Rayan Lans «prezident Tramp bilan Venesuelani investisiyalarga tayyorlash masalasini muhokama qilish imkoniyatini yuqori baholashini» bildirgan.

▫️ Chevron — hozirda Venesuelada faoliyat yuritayotgan yagona amerikalik neft kompaniyasi. Energetika vaziri Raytning aytishicha, bu kompaniya yaqin 18–24 oy ichida neft qazib olish hajmini 50 foizga oshirish imkoniyatini ko‘rmoqda. Biroq bu AQSh hukumati tomonidan muayyan «ruxsat va lisenziyalar» berilgan taqdirdagina mumkin. Shu bilan birga, Chevron hozircha investisiya kiritish bo‘yicha aniq majburiyat olmagan.

▫️ Biroq Trampga Venesuela bozoriga tez kirish istagini bildirganlar ham bor. Masalan, mustaqil neft-gaz ishlab chiqaruvchi Hilcorp Energy kompaniyasi rahbari Jeffri Hildebrand — AQSh prezidentining yirik homiylaridan biri.

Biroq bularning barchasi Trampning 100 milliard dollarlik rejasini amalga oshirish uchun yetarlimi? Prezident bunga ishonch bilan qaramoqda. U top-menejerlarni ogohlantirib shunday dedi:

«Bugun bu yerda bo‘lmagan, sizning o‘rningizni egallashga tayyor bo‘lgan 25 kishi bor».

Kiritildi: Bugun 08:16. O'qildi: 522 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!