AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy Eronga harbiy yordam ko‘rsatgan taqdirda qo‘shimcha 50 foizlik tariflar joriy etilishi mumkinligini bildirdi. U bu haqda Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Agar biz ularni shunday harakatda qo‘lga tushirsak, ularga 50 foizlik bojlar qo‘llaniladi — bu juda katta raqam”, — dedi Tramp.
AQSh razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy yaqin haftalar ichida Eronga yangi havo hujumidan mudofaa tizimlarini, jumladan, ko‘chma zenit-raket komplekslarini yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. CNN manbalariga ko‘ra, Pekin bu yetkazib berishlarning haqiqiy manbasini yashirish uchun ularni uchinchi davlatlar orqali tranzit qilishga urinmoqda. Biroq Xitoy bu ma’lumotlarni qat’iyan rad etmoqda.
Pekin o‘zini mojaroda vositachi sifatida ko‘rsatib kelmoqda va ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik tinchlik kelishuvini tashkil etishda ishtirok etgan. Shu bilan birga, AQSh razvedkasi Xitoyning Tehron tomonidagi faolligi oshib borayotganini qayd etmoqda.
Xitoy uchun bu mojaro ikki tomonlama ahamiyatga ega: energiya ta’minotidagi uzilishlar mamlakat ishlab chiqaruvchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, biroq ayrim rasmiylar urush Vashingtonni Osiyodan chalg‘itib, mintaqada AQSh pozisiyalarini zaiflashtiradi, deb hisoblaydi.
Qo‘shimcha tariflar tahdidi Trampning kelasi oyga rejalashtirilgan Xitoyga tashrifiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.