Tramp Venesuelaning muvaqqat prezidentdan AQShning raqiblariga neft sotishni to‘xtatishini va “dushman agentlari”ni mamlakatdan chiqarib yuborishini talab qildi, deb xabar bermoqda Politico.
Nashr manbalarining aytishicha, AQSh Delsi Rodrigesga Venesuela kamida uchta talabni bajarishi shartligini yetkazgan: giyohvand moddalar kontrabandasiga chek qo‘yish; eronlik, kubalik va boshqa “Vashingtonga dushman agentlar”ni mamlakatdan chiqarib yuborish, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning raqiblariga neft sotishni to‘xtatish.
Bundan tashqari, AQSh rasmiylari Rodriges Venesuelada erkin saylovlar o‘tkazilishiga ko‘maklashishini va shundan keyin iste’foga chiqishini kutmoqda.
"Vashington hozircha bu talablarni bajarish uchun aniq muddatlar belgilamagan. Tramp ma’muriyati Delsi Rodrigesni “istalgan yo‘nalishga burish, so‘ng undan qutulib, keyingi bosqichga o‘tish” mumkinligiga ishonmoqda", deb yozadi Politico.