Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Modi bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
"Prezident Tramp bilan juda iliq va mazmunli suhbat bo‘ldi. Biz ikki tomonlama munosabatlarimizdagi taraqqiyotni, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro o‘zgarishlarni muhokama qildik. Hindiston va AQSh global tinchlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida birgalikda ishlashda davom etadilar", deb yozadi u.
Modi va Tramp o‘rtasidagi suhbat Nyu-Dehlida AQSh va Hindiston delegasiyalari o‘rtasida savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar chog‘ida bo‘lib o‘tdi.
6 avgust kuni AQSh Rossiyadan neft va neft mahsulotlarini sotib olgani munosabati bilan Hindistonga qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qildi. Avgust oyi oxirida AQShning Hindiston tovarlari va xizmatlariga bojlari 50% gacha oshirildi.