Bugun 7 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Tramp va Mask ijtimoiy tarmoqlarda dahanaki janglarga kirishdi

Tramp va Mask ijtimoiy tarmoqlarda dahanaki janglarga kirishdi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Tesla hamda SpaceX xo‘jayini, Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE)ning sobiq rahbari Ilon Mask 5 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda keskin mojaroga kirishdi. Tramp, xususan, Maskning kompaniyalarini subsidiyalardan mahrum qilish bilan tahdid qilgan va Mask SpaceX Dragon kosmik kemasi faoliyatini zudlik bilan to‘xtatayotganini aytib, javob qaytargan.

Mojaroning keskinlashuvi Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Maskni respublikachilarning soliq imtiyozlari va byudjetni uzaytirish haqidagi qonun loyihasiga bildirgan salbiy munosabati uchun tanqid qilganidan keyin boshlandi.

«Men uning qonun loyihasini emas, meni tanqid qilishini afzal ko‘rgan bo‘lardim, chunki qonun loyihasi aql bovar qilmaydigan darajada ajoyib», – dedi Tramp. U Tesla rahbari «elektromobil sanoati uchun milliardlab dollarlik rag‘batlar olib tashlanganidan jahli chiqqani»ni taxmin qildi va Mask hujjat bilan «avvalboshdan yaxshi tanish bo‘lgani»ni ta’kidladi.

Mask Trampga X ijtimoiy tarmog‘idagi posti bilan javob berdi. U elektromobil ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha qonun loyihasi tafsilotlaridan xabardorligi haqidagi gap yolg‘onligini aytdi, shuningdek, o‘zining qo‘llab-quvvatlovisiz Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozona olmagan, respublikachilar esa AQSh Kongressi Vakillar palatasida nazoratni qo‘lga ololmagan bo‘lardi, deb aytdi. «Qanday noshukrlik», – dedi u.

Tramp, o‘z navbatida, Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Mask kompaniyalariga subsidiyalar berishni to‘xtatish mumkinligiga ishora qildi. «Byudjetdan milliardlab va milliardlab dollarlarni tejashning eng oson yo‘li – Ilonning davlat subsidiyalari va shartnomalarini to‘xtatish. Men har doim Bayden nega bunday qilmaganiga hayron bo‘lardim!» – deb yozdi u. AQSh prezidenti, shuningdek, hukumatni tark etishni so‘raganida Mask «aqldan ozayozgani» haqida yozgan.

Mask bunga javoban «haqiqiy bombani tashlash» vaqti kelganini aytdi va Tramp «Epshteyn fayllari» deb ataladigan hujjatlarda borligini yozdi – bu voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatasiya qilish maqsadida savdo qilish va ularni fohishalikka undashda ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn haqidagi hujjatlar. «Bu fayllarning hech qachon nashr etilmaganining haqiqiy sababidir», – deb yozadi Mask. U o‘z so‘zlariga hech qanday dalil keltirmagan.

Shundan so‘ng Mask o‘ziga tegishli SpaceX kompaniyasi Dragon kosmik kemasini ekspluatasiya qilishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Hozirda bu NASA kosmonavtlarni Rossiya «Soyuz» kemalari yordamiga murojaat qilmasdan Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazib bera oladigan yagona Amerika kemasidir.

«Prezidentning mening davlat shartnomalarimni bekor qilish haqidagi bayonoti munosabati bilan SpaceX o‘zining Dragon kosmik kemasini zudlik bilan ekspluatasiyadan chiqarishni boshlaydi», – deb yozdi Mask. Shuningdek, u Trampga impichment e’lon qilinishi va uning o‘rniga vise-prezident Jey Di Vens tayinlanishi kerakligini aytdi.

Maskka tegishli Tesla aksiyalari uch soat ichida 15 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi. Keyin ular biroz o‘sdi, keyin esa keskin pasayishda davom etdi.

Ilon Mask saylovoldi poygasi paytida Donald Tramp kampaniyasining eng yirik xayriyachilaridan biri edi va respublikachi prezident etib saylanganidan so‘ng darhol byudjet xarajatlarini, shu jumladan «samarasiz» amaldorlarni ishdan bo‘shatish orqali qisqartirishni maqsad qilgan hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimini egallagandi.

OAV Maskni «dunyodagi saylanmagan lider» deb atagan va u aslida Oq uydagi ikkinchi eng qudratli shaxs ekanligini ta’kidlagan. Biroq tadbirkorning DOGE rahbari sifatidagi faoliyati keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi, shundan so‘ng ularning Tramp bilan munosabatlari sovuqlashgan.

Aprel oyidan boshlab Mask va Tramp ijtimoiy tarmoqlarda bir-birlarini tilga olishni deyarli to‘xtatdilar va 30 may kuni Tesla egasi DOGE rahbari lavozimidan iste’foga chiqdi – bu rasmiy ravishda uning maxsus davlat xodimi lavozimida yiliga 130 kundan ortiq ishlamasligi bilan izohlandi. Shu kuni Tramp va Mask qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazgan va unda ular bir-birini maqtagan edi.

Kiritildi: 16:23 06.06.2025. O'qildi: 377 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!