AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Rashmor tog‘idagi mashhur yodgorlik mavzusida tayyorlangan videoni namoyish qildi.
Videoda AQSh tarixidagi to‘rt prezident — Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkoln tasvirlangan yodgorlik kompozisiyasi asosida yaratilgan oltin byust ko‘rsatilgan. Unda Trampning qiyofasi ham mazkur prezidentlar qatoriga qo‘shilgan.
Mazkur video Trampning rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifasida e’lon qilingan.
Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompozisiya britaniyalik rassom Yan Aleksander tomonidan tayyorlangan. U avvalroq Donald Tramp tasviri tushirilgan shartli 250 dollarlik banknota dizaynini ham ishlab chiqqan edi.
Rashmor tog‘idagi milliy yodgorlik AQSh tarixida muhim o‘rin tutgan to‘rt prezident xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, mamlakatning davlatchilik tarixi ramzlaridan biri hisoblanadi.