AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainada davom etayotgan urushni to‘xtatish masalasida Xitoy prezidenti Si Szinpin bilan hamkorlik qilishga umid qilayotganini ma’lum qildi.
Tramp bu haqda Osiyoga safari arafasida prezident samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda bayon etdi. Uning aytishicha, u Malayziya, Yaponiya va Janubiy Koreyaga tashrif buyurib, Kuala-Lumpurda boshlanadigan Osiyo mamlakatlari assosiasiyasi (ASEAN) sammitida ishtirok etadi.
«Biz Xitoyning Rossiya masalasida yordam berishini istaymiz. Biz Rossiyaga nisbatan juda katta sanksiyalar joriy etdik. Ushbu sanksiyalar jiddiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonaman. Lekin biz Xitoy ham yordam berishi tarafdorimiz», – dedi AQSh prezidenti jurnalistning shu haqdagi savoliga javoban.
Shu bilan birga, Tramp Rossiyaga qo‘llanilgan sanksiyalar Putin tomonidan keskin qarshi reaksiyaga sabab bo‘lishidan xavotirda emasligini ham ta’kidladi.
«Men bunday deb o‘ylamayman. Putinning o‘zi sanksiyalar katta ta’sir qilmasligini aytgan. Lekin men uning bu fikriga qo‘shilmayman. Ko‘ramiz, natija qanday bo‘ladi. O‘ylaymanki, u ham bu urushni tugatishni istaydi», – dedi Tramp.
Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi sammiti chog‘ida Xitoy Kiyevning g‘alaba qozonishidan manfaatdor emasligini ta’kidlagan edi.