Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyati muhokama qilinayotganini ma’lum qildi.
Jurnalistlardan biri "Oq uyda Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyati muhokama qilinyaptimi?", degan savolni berdi. "Biz buni har kuni muhokama qilamiz… Bu haqda gapirib bermaysanmi?", — dedi Donald Tramp yonidagi respublikachi senator Lindsi Gremga murojaat qilib.
Senator o‘z navbatida, Ukrainada tinchlik “Putinning mijozlari”ga nisbatan “bojlar tahdidi” ostida ta’minlanishini bildirdi. Grem oktyabrda Tramp Rossiyaning yirik neft komoaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etganini, ammo Moskvada hali ham “85 ta homiy” borligini eslatdi.
Gremning fikricha, Tramp bojlar joriy etganidan keyin Hindistonning Rossiyadan neft xaridini kamaytirgani kabi “bu reja ishlaydi”. Prezident senatorning so‘zlariga qo‘shilib, Rossiya iqtisodiyoti hozir “judayam yomon holatda” ekanini ta’kidladi.
AQSh siyosiy doiralarida bir necha oydan beri muhokama qilinayotgan sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunda prezident Donald Trampga Rossiya nefti, gazi va uranini sotib oladigan mamlakatlar mahsulotlariga 500 foizgacha bojlar joriy etish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.