Bugun 24 mart, 2026 yil, seshanba

КИР

Tramp rejalari haqida 15 daqiqa oldin kim bilgan?

Tramp rejalari haqida 15 daqiqa oldin kim bilgan?

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Donald Trampning Eron bilan “samarali muzokaralar” haqidagi posti e’lon qilinishidan taxminan 15 daqiqa oldin neft bozorida $580 mlnlik bitimlar amalga oshirilgan. Tahlil Bloomberg ma’lumotlariga asoslangan.

23 mart kuni Nyu-York vaqti bilan 6:49–6:50 oralig‘ida Brent va WTI neft fyucherslari bo‘yicha taxminan 6200 ta operasiya qayd etilgan. Ayniqsa, 6:50 ga 27 soniya qolganda savdo hajmi keskin oshgan. Shu ortidan S&P 500 fyucherslari ham ko‘tarilgan. Trampning posti esa 7:04 da chiqib, energiya resurslari narxining tushishi va Yevropa aksiyalarining o‘sishiga olib kelgan.

Bozor ishtirokchilari bu holatni shubhali deb baholamoqda. Ayrim mutaxassislar sabab-oqibat bog‘liqligini isbotlash qiyinligini aytsa-da, postigacha fyucherslarni “agressiv sotgan” kim bo‘lgani haqida savollar tug‘ilmoqda. Boshqa manbalar esa bunday harakatlar odatiy emasligini va kimdir katta foyda ko‘rganini ta’kidlagan. Ayrim xedj-fondlar bu kabi holatlar so‘nggi oylarda bir necha bor kuzatilganini ma’lum qildi.

Oq uy ayblovlarni rad etdi. Ma’muriyat vakili Kush Desai hukumat faqat amerikaliklar manfaatini ko‘zlashini va insayder ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.

Shu bilan birga, Eron parlamenti spikeri Moxammad Bager Galibaf muzokaralar bo‘lganini inkor etib, bu kabi xabarlar moliyaviy va neft bozorlarini manipulyasiya qilish uchun tarqatilayotganini aytdi.

Mazkur mojaro global neft inqirozi fonida kuchaymoqda. KSIR Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini ma’lum qilgan. Yangi oliy rahbar Mojtaba Hamenei bo‘g‘oz blokadasidan bosim vositasi sifatida foydalanish niyatini bildirgan.

Ta’minot taqchilligiga javoban AQSh Rossiyaga nisbatan ayrim sanksiyalarni yumshatib, tankerlarda joylashgan taxminan 140 mln barrel Eron neftini sotishga ruxsat bergan.

Kiritildi: Bugun 16:28. O'qildi: 684 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!