AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyda Vladimir Putinni “do‘stim” deb ataganidan so‘ng Ukraina prezidenti Zelenskiy bunga keskin munosabat bildirdi. Zelenskiy Rossiya rahbarini “Ukraina uchun dushman” deb atab, bunday munosabat Putinga bosimni susaytirishini ta’kidladi.
"Prezident Tramp Putinni qanday atashni o‘zi hal qiladi. Albatta, biz uchun u dushman. Albatta, biz uchun u odamlarning hayotiga zomin bo‘layotgan shaxs. O‘ylaymanki, dunyodagi aksariyat odamlar ham uni shunday deb hisoblaydi. Chunki u odamlarni o‘ldirmoqda. Qolaversa, u har kuni, har kecha odamlarni o‘ldirmoqda", — dedi Ukraina yetakchisi.
Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin nafaqat harbiylar, balki tinch aholi vakillarining ham o‘limiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
"Rossiya joriy yilda Ukrainaga qarshi qariyb besh yil avval boshlagan urushi davomida jang maydonida muvaffaqiyatga erisha olmagan. Rossiyaning bosqinchi qo‘shinlari ikkita hujum operasiyasini ham muvaffaqiyatsiz yakunlagan. Aynan shuning uchun ular tinch aholini o‘ldirishga, energetikamizga, muhim infratuzilma ob’ektlariga, barcha ko‘priklar va temiryo‘l stansiyalariga ommaviy hujumlar uyushtirishga qaror qildi. Bundan tashqari, maktablar va cherkovlar ham nishonga olinmoqda", — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, aynan shu sababli Putinni “hamkasb”, “do‘st” yoki shunga o‘xshash so‘zlar bilan atash uning o‘z harakatlari uchun javobgarlik his qilishini susaytiradi.