Donald Tramp Floridadagi chiqishida o‘zini kognitiv testdan o‘tgan yagona Amerika prezidenti deb atadi va bu borada boshqa prezidentlarni tanqid qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u uch marta bunday testdan o‘tgan va barchasidan “a’lo natija” bilan muvaffaqiyatli o‘tgan.
“Men kognitiv testdan o‘tgan yagona prezidentman. Menimcha, Barak Obama bundan o‘ta olmasdi,” dedi Tramp.
U test savollaridan birini ham misol qilib keltirdi: “Sher, jirafa, ayiq va akula — qaysi biri ayiq?”
Shu bilan birga, Tramp so‘nggi paytlarda prezidentlikka nomzodlar uchun kognitiv test joriy etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Uning ta’kidlashicha, rahbarlar aqliy qobiliyat jihatidan tekshirilishi kerak.
Avvalroq u ommaviy chiqishlardan birida siyosiy bayonotlarida xatolik qilib, Eron va Ukraina bilan bog‘liq voqealarni aralashtirib yuborgani ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.