Isroil va Eron yakshanbaga o‘tar kechasi bir-biriga yangi hujumlar uyushtirdi, shu bilan birga AQSh Prezidenti Donald Tramp bu mojaroni osonlik bilan tugatish mumkinligini aytdi hamda Eronni AQSh nishonlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi. Bu haqda Reuters nashri yozmoqda.
Isroilning qutqaruv guruhlari zarbalar oqibatida vayron bo‘lgan turar joy binolari ostida tirik qolganlarni qidirmoqda. Chiroq va hid biluvchi itlar yordamida izlanish olib borilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, kamida yetti kishi, jumladan bolalar halok bo‘lgan.
Tehron yadroviy muzokaralarni to‘xtatdi, holbuki, Vashington bu muzokaralarni Isroil bombardimonlarini to‘xtatishning yagona yo‘li deb bilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aytishicha, hozircha Isroil tomonidan amalga oshirilgan hujumlar Eron oldinda ko‘radigan nisbatan kuchliroq javoblarga nisbatan juda zaif ko‘rinadi.
Tramp Truth Social’dagi murojaatida shunday dedi:
"Agar bizga Eron tomonidan qanday shaklda bo‘lmasin hujum qilinsa, AQSh qurolli kuchlarining to‘liq qudrati sizlarga hech qachon ko‘rilmagan darajada tashlanadi. Shu bilan birga, biz Eron va Isroil o‘rtasida osongina kelishuvga erisha olamiz va bu qonli mojaroni tugatishimiz mumkin."
Biroq Tramp bu ehtimoliy kelishuv tafsilotlarini oshkor etmadi.
Eron ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni Isroilning birinchi hujumi oqibatida 78 kishi halok bo‘lgan, shanba kuni esa bundan ham ko‘proq qurbonlar bo‘lgan. Tehronda joylashgan 14 qavatli turar joy binosiga raketa tushishi oqibatida 60 kishi, shundan 29 nafari bolalar, vafot etgan.
Shahron neft omboriga ham Isroil tomonidan zarba berilganini Eron tasdiqladi, biroq vaziyat nazorat ostida ekani ma’lum qilindi. Poytaxt yaqinidagi neftini qayta ishlash zavodida hujumdan so‘ng yong‘in chiqqan. Isroil zarbalari shuningdek Eron Mudofaa vazirligi binosiga ham qaratilgan bo‘lib, u yerda kichik darajadagi zarar yetkazilgan, deb xabar berdi "Tasnim" axborot agentligi.
Isroilda esa so‘nggi Eron hujumlari shanba kuni kechasi soat 23:00 atrofida (GMT 20:00) boshlandi. Quddus va Hayfa shaharlarida havo hujumi signalizasiyasi jiringlashi bilan taxminan bir million kishi boshpanalarga kirib ketdi. Soat 2:30 atrofida Isroil harbiylari navbatdagi raketa hujumi xavfi haqida ogohlantirdi va fuqarolarni xavfsiz joyga o‘tishga chaqirdi. Tel-Aviv va Quddus osmonida portlashlar yangradi, havoga qarshi mudofaa tizimi ishga tushirildi. Taxminan bir soatdan so‘ng fuqarolarga berilgan boshpanadan chiqmaslik haqidagi ogohlantirish bekor qilindi.
Yakshanba kuni Yamandagi Eronga aloqador husiylar guruhi ilk bor mojaroga qo‘shilganini e’lon qildi. Ularga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Isroilning markaziy qismi — Yaffaga bir necha ballistik raketalar yo‘llangan.
Isroil tez yordam xizmati ma’lum qilishicha, kechagi hujumlarda kamida 7 kishi halok bo‘lgan — ular orasida 10 yoshli o‘g‘il bola, yosh qiz va 20 yoshlardag bir ayol ham bor. Shuningdek, 140 dan ortiq odam turli darajada tan jarohati olgan.
Isroil OAVlari ma’lumotiga ko‘ra, Tel-Aviv janubidagi Bat Yam shahrida raketa zarbasi 8 qavatli binoga teggan. Avariya xizmatlari vakilining aytishicha, ko‘plab odamlar vayronalar ostida qutqarilgan bo‘lsa-da, qurbonlar ham bor. Kamida 35 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Tun davomida nechta bino zarba ostida qolganini aniqlash hali mumkin emas.
Shu paytgacha, juma kunidan beri Eronning qasos zarbalari natijasida Isroilda kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq odam tan jarohati olgan.