2026 yil 4-6 iyun kunlari Toshkentda "Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik, barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish" mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Termiz muloqoti 2025 yilda doimiy faoliyat yurituvchi xalqaro platforma sifatida ta’sis etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash tashabbusini amaliy jihatdan ilgari surishga ko‘maklashishga qaratilgan. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi va BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 11 iyuldagi maxsus rezolyusiyasi bilan mustahkamlandi.
Bu galgi yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Janubiy Kavkaz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerikadan 150 dan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi Termiz muloqotining Yevroosiyo makonida o‘zaro bog‘liqlik, ishonch va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqish uchun keng xalqaro platforma sifatidagi inklyuziv va ochiq xususiyatini tasdiqlaydi.
Muloqot hamkorlari va ishtirokchilari orasida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi, shuningdek, yetakchi "aql markazlari," ilmiy-tadqiqot muassasalari va tinchlikparvar tuzilmalar, jumladan, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti, Progressiv islohotlar markazi, Konrad Adenauyer jamg‘armasi, Bergxof jamg‘armasi, PeaseNexus, Search for Sommon Ground, Jorjtaun universiteti va boshqa tashkilotlar bor.
Forum dasturida "Siyosiy muloqot va iqtisodiy bog‘liqlik - OHICHK mintaqasida barqaror rivojlanish asosi" mavzusida yuqori darajadagi yalpi majlis, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga birgalikda moslashish va ekologik barqarorlik, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga bag‘ishlangan ikkita maxsus tematik sessiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir doirasida mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘oniston bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Afg‘oniston - O‘zbekiston - Pokiston yo‘nalishida muloqotni rivojlantirish, transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlash, mintaqaviy ishonchni shakllantirish va barqaror rivojlanishning umumiy kun tartibiga bag‘ishlangan ekspert va akademik muhokamalar, shuningdek, qo‘shimcha tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalariga, shuningdek, tinchlikparvarlik va barqaror rivojlanish sohasida yoshlar hamkorligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forum dasturida sayyor sessiyalarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Muloqot ishtirokchilari Termiz shahriga tashrif buyurib, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika sohasidagi hamkorlikning zamonaviy infratuzilmasi, jumladan, "Ayritom" xalqaro savdo markazi va "Termez Cargo Center" xalqaro logistika xabi faoliyati bilan tanishishlari, shuningdek, qadimiy shaharning boy madaniy-tarixiy merosi bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Muloqotning uchinchi kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi, unda delegatlar tarixan Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan Samarqand Renessansining noyob sivilizasiyaviy merosi bilan tanishadilar.
Yig‘ilish yakunida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish va barqaror o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishga qaratilgan Kommyunike qabul qilinishi rejalashtirilgan.