Toshkentda «Osmono‘par shahar» quriladi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi axborot xizmati.
Tadbirkorlar bilan 28 iyul kuni ochiq eshiklar kuni doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahar hokimi v.b. Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdim etilgan loyihalarning 35 foizini tasdiqladi. Boshqa investorlarga muqobil uchastkalar va ob’ektlar taklif etildi.
«Investisiyalar uy-joy qurilishi, ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlari, savdo-ko‘ngilochar majmualarga yo‘naltirilgan. Jami 591 million dollarlik 62ta loyiha taqdim etildi (ulardan 173 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar)», - deyiladi xabarda.
Loyihalardan biri - SF Global kompaniyasining Sky City («Osmono‘par shahar») binolar majmuasi. Loyihaga kiritilgan jami investisiya miqdori 500 million dollarni tashkil etadi. Ushbu mablag‘larning yarmini sarmoyadorlar shaharni obodonlashtirishga investisiya qilishga tayyor.
Katta maydonda 30-40 qavatli zamonaviy binolar majmuasini qurish rejalashtirilgan. Ulardan biri mehmonxona, beshtasi - ofis va oltitasi - turar-joy bo‘ladi.
Uchrashuvda qurilish uchastka yakuniy tasdiqlanganidan so‘ng besh oydan o‘tib boshlanishi haqida qaror qabul qilindi.
Manba: daryo.uz